O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Mehnat vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Savdo-sanoat palatasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tanlov ishchi-mutaxassislar, o‘quvchi-yoshlarning kasb mahoratini oshirish va ularni rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
Tanlovda 10 nominatsiya bo‘yicha 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan ishchi- mutaxassislar va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ishtirok etdi.
“Qishloq xo‘jaligi mashinalariga xizmat ko‘rsatish mexanigi” nominatsiyasida Xatirchi qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Aziz Qodirov, “Kompyuter injiniringi texnigi”, “Dasturiy injiniring texnigi” va “Oshpaz” nominatsiyalari bo‘yicha Navoiy konchilik kolleji bitiruvchilari Shahzod Kamolov, Otabek Ahmedov, Umida Zokirova, “Avtomobillarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mexanik”, “Umumqurilish ishlari ustasi”, “Qurilish-pardozlash ishlari ustasi” nomitsiyalarida Navoiy arxitektura va qurilish kasb-hunar kolleji o‘quvchilari Dilshod Akromov, Oydin Meliqulov, Jasur Ismoilovning ishlari yuqori baholandi.
“Sartaroshlik va dekorativ kosmetika ustasi” nominatsiyasida Konimex iqtisodiyot va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Diana Boyzoqova, “Milliy va badiiy liboslar modelyeri” nominatsiyasi bo‘yicha Navoiy pedagogika va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Marjona Bekmirzayeva, “Payvandlash ishlari texnigi” nominatsiyasida Navoiy texnika-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Elnur Eshniyozov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etadi.