ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi binosi oldida Hindiston va Pokiston davlat bayroqlari ko‘tarildi

Poytaxtimizdagi Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining Ijroiya qo‘mitasida 15-iyun kuni Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasining davlat madhiyalari yangrab, davlat bayroqlari ko‘tarildi.

Hindiston va Pokistonning ShHT a’zosi maqomiga ega bo‘lgani munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasi, vazirlik va idoralar, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Yevgeniy Sisoyev, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Anvar Nosirov va boshqalar Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘z faoliyatida o‘zaro ishonch va manfaatdorlik, maslahatlashuv, birgalikda taraqqiy etishga intilish tamoyillariga qat’iy amal qilgan holda o‘tgan davr mobaynida nufuzli xalqaro tashkilotga aylanganini ta’kidladi.

ShHTning global iqtisodiy-ijtimoiy, xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolarni bartaraf etishdagi, dunyoda xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashdagi ahamiyati va ta’siri oshib borayotgani tashkilotga a’zo bo‘lish, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sheriklar qatoriga qo‘shilish istagini bildirayotgan mamlakatlar ko‘payayotganida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Joriy yilning 8-9-iyun kunlari Ostona shahrida o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisida Hindiston va Pokiston tashkilot a’zoligiga qabul qilindi. Ikki davlatning ShHTga a’zo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumlar ShHTning 2016-yil Toshkentda o‘tgan sammitida imzolangan edi.

– Bugungi marosimda ishtirok etish men uchun katta sharaf, – dedi Hindiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Vinod Kumar. – ShHTning Ostona sammitida Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi Hindistonning ShHTga a’zo davlatlar bilan aloqalari uzoq tarixga borib taqalishini, o‘zaro ishonch va hurmat siyosiy va iqtisodiy hamkorlikning asosi ekanini ta’kidladi. Hindistonning ShHT a’zoligiga qabul qilingani ko‘p tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

– Pokistonning ShHT a’zoligiga qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlagani uchun Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlardan minnatdormiz, – dedi Pokiston Islom Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Riaz Husayn Buxari. – Pokiston o‘zaro ishonch, tenglik, madaniy xilma-xillikka hurmat bilan yondashuv va umumiy rivojlanishga intilish tamoyillariga to‘la rioya qiladi. Mamlakatimizning ShHT a’zoligiga qabul qilingani uning tashkilotga a’zo davlatlar bilan hamkorligini har sohada yanada rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shadi.

Hindiston va Pokistonning ShHT a’zosi maqomiga ega bo‘lishi ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi ufqlarini ochishga, mintaqa va dunyoda tinchlik va barqarorlikni, izchil taraqqiyotni ta’minlashda ShHT rolini oshirishga xizmat qiladi. ShHT faoliyatidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni, transport, investitsiya, turizm va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish imkonini kengaytiradi.

 

Nodira Manzurova, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA