Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda xalqaro talablar asosida barpo etiladigan yangi aeroport loyihasi bilan tanishdi.
O‘zbekiston jahonda nafaqat fuqaro aviatsiyasi sohasida, balki xalqaro yuk tashish bozorida ham mustahkam o‘rinni egallab bormoqda. «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi tomonidan dunyoning turli mintaqalariga yuklar qulay, xavfsiz va ishonchli tarzda yetkazib berilmoqda.
Mamlakatimizning bu boradagi salohiyatini yanada oshirish, xalqaro aviatashishlar bozoriga dadil chiqish, laynerlarda yuk tashish sifatini eng zamonaviy talablarga ko‘tarish istiqboldagi muhim vazifalardan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan endi mamlakatimizda ishbilarmonlik aviatsiyasi ham tashkil etiladi. Bu Markaziy Osiyo mintaqasida yangi tizim bo‘lib, yakka tartibdagi va korporativ parvozlar, shuningdek, ular bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatishga ixtisoslashadi. Xalqaro tilda ushbu atama «biznes aviatsiya» yoki «tijorat aviatsiyasi» deb ataladi.
Shavkat Mirziyoyev loyiha bilan tanishish chog‘ida har bir mamlakat iqtisodiyoti rivojida transport-kommunikatsiya tizimi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Ishbilarmonlik aviatsiyasi bu borada yangi imkoniyatlar, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratadi. Loyiha o‘zbekistonlik va xorijlik ishbilarmon doiralar vakillariga mahsulotlarini tashqi bozorga yetkazib berish, biznes-sheriklar topishda katta o‘rin tutadi.
Prezidentimiz yangi aeroportda xorijlik delegatsiyalarga yuksak darajada xizmat ko‘rsatish, bu yerda ko‘plab infratuzilma obyektlari, mehmonxona, biznes markazlari tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi.