2017-yil 30-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilovning Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi o‘rinbosari I.Umaxanov boshchiligidagi Federatsiya Kengashi delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlar to‘g‘risida so‘zlab berdi.

Jumladan, Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatimizni jadal sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishga qaratilgan muhim davlat va hududiy dasturlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Mamlakatimiz qonunchilik tizimidagi yangiliklar to‘g‘risida axborot taqdim etildi.

I.Umaxanov mamlakatlarimiz parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda muntazam siyosiy muloqot olib borish, shu orqali barcha yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratish muhimligini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshevning Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar ikki tomonlama parlamentlararo aloqalarni, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildi.

Rossiya Federatsiyasi parlamenti delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tadigan vaqtga to‘g‘ri kelgani ta’kidlandi.

* * *

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha komissiyaning majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi o‘rinbosari I.Umaxanov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi a’zolari ishtirok etdi.

Tadbirda turli darajalarda o‘zaro tashrif almashish, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlar to‘g‘risida axborot almashish orqali O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirishga doir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi.

2018 yilning birinchi yarmida Toshkent shahrida O‘zbekiston va Rossiya hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan “Hududlar forumi”ni o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir yakunida Komissiyaning uchinchi majlisini Moskva shahrida o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

 

Behzod Bozorov, O‘zA