“GIZ” Qoraqalpogʻiston turizmini rivojlantirishga 477 ming yevro ajratadi

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi vakillari va Germaniyaning “Mas contour” tashkiloti ekspertlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Qoʻmita saytida berilgan xabarda qayd etilishicha, uchrashuvda Qoraqalpogʻiston Respublikasining turizm imkoniyatlaridan kelib chiqib, hududda turizm sohasida 2019-2020-yillarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olingan. Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida “GIZ” Qoraqalpogʻiston turizmini rivojlantirishga 477 ming yevro miqdorida mablagʻ ajratdi.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyeyovning 2019-yil 20-21-avgust kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash va mazkur hududning turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida Qoʻmita va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati tomonidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Ushbu loyiha doirasida mahalliy hunarmandchilik mahsulotlarini diversifikatsiya qilish, ularni eksportbop mahsulotga aylantirish, infratuzilmani yaxshilash, yangi turizm marshrutlarini ochish, xizmatlar sifatini oshirish va Qoraqalpogʻiston Respublikasining turizm salohiyatini xorijiy turizm bozorlarida targʻib qilish ishlari amalga oshiriladi.

 

O’zA