“Tog‘lardek baland bo‘l”

O‘zbek Milliy akademik drama teatri jamoasi dramaturg Qo‘chqor Norqobilning shu nomli dramasi asosida G‘ofur Mardonov rejissyorligida sahnalashtirilgan spektakl namoyishi bilan Navoiy kon-metallurgiya kombinati bo‘linmalari joylashgan shaharlarda ijodiy safarda bo‘ldi.
Spektakl dastavval ulug‘ bobokalonimiz hazrat Alisher Navoiy nomi bilan ataladigan shahardagi buyuk shoirning abadiyatga daxldor asari qahramoni sharafiga “Farhod” deb nomlangan madaniyat saroyida namoyish etildi.
Tomosha O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, taniqli san’atkor Yodgor Sa’dievning dilrabo qo‘shig‘i, Navoiy va navoiyliklarga dil istaklari bilan boshlandi.
Spektaklda asar bosh qahramoni bo‘lgan Qodirbekning bolaligi, o‘spirinligi, o‘qib, kon-metallurgiya sohasi sir-asrorlarini puxta egallab, yirik kombinat direktori lavozimigacha bosib o‘tgan hayot yo‘li misolida o‘zbek xalqining o‘tgan asr yetmishinchi yillari va bugungi kuni ta’sirchan tarzda aks ettirilgan. Sahna ko‘rinishlari Qodirbek va onasining o‘zaro muloqotlari, yon-atroflarida bo‘layotgan voqea-hodisalarga munosabatlari asosida qurilganligi tomoshabinga asarning tub mohiyatini chuqurroq yetkazib berishga xizmat qilgan.
Qodirbek yoshligidanoq kelgusida bilimli bo‘lib, bu xalq paxta yetishtirishdan boshqa katta ishlarga ham qodir ekanligini isbotlashga ahd qiladi va bunga erishadi. Oddiy qishloq yigiti institutni tugatib, hayotning qiyinchiliklarini mardonavor yengib, yirik korxona direktori darajasigacha borib yetadi. Onaning spektakl oxirida yangragan “Sen hali yurtingga, xalqingga ko‘p kerakli ishlarni qilasan, tog‘lardek baland bo‘l, baland bo‘l bolam!”, degan so‘zlari tomoshabinda Qodirbek onasining niyatlarini ro‘yobga chiqarishi, yurt farovonligi yo‘lida ezgu ishlarga bosh bo‘lishiga ishonch tug‘diradi.
Spektaklda bosh rollarni ijro etgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar M.Rahmatov, M.Bobotullaeva, shuningdek artistlar A.Saynazarov, S.Umarova, O.To‘raqulova, F.Botirov, I.Axmadaliev, D.Nasriddinov, A.Nabiev, F.Ziyaevlar sahnada yuksak ijrochilik mahoratini namoyish etdi.
“Tog‘lardek baland bo‘l” spektaklida davrning dolzarb mavzusi – zamonamiz qahramonlarining hayoti sahnaga olib chiqilgan. Asar tomoshabinlar, ayniqsa yoshlarni vatanparvarlik, kasbga sadoqat, mustaqillikning bebaho ne’mat ekanligini teran anglab, bugungi yorug‘ kunlarimizning qadriga yetish, Yaratganga behisob shukronalik aytish va eng muhimi, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurash ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
O‘zbek Milliy akademik drama teatri jamoasining ijodiy safari Uchquduq, Zarafshon shaharlarida davom etdi.
NKMK Matbuot markazi.

 

O‘zA