Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyati iqtisodiyotining bugungi holatini tahlil qilib, uni rivojlantirish boʻyicha muhim yoʻnalishlarni belgilab berdi.
Avval rejalashtirilgan loyihalarni bajarish bilan birga kelgusi ikki yilda amalga oshiriladigan, umumiy qiymati 13 trillion soʻmlikdan ziyod yangi investitsiya loyihasi ishlab chiqilgani qayd etildi.
Toʻqqiz oyda viloyat korxonalari tomonidan 125 million dollarlik eksport amalga oshirilib, prognoz 104 foizga bajarilgan. Eksportni koʻpaytirish uchun “Termiz Kargo Sentr” logistika markazi hududida erkin savdo zonasini tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi. Bu zonaga muayyan yoʻnalishlardan vizasiz kirish, eksport-import va tranzit yuklari uchun bojxona, karantin va boshqa xizmatlarni “Yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshirish mumkin boʻladi.
Qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilishni davom ettirish, 2020-yilda Angor, Qiziriq, Muzrabot, Termiz va Sherobod tumanlarida 40 ming gektarga ingichka tolali gʻoʻza navlarini joylashtirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Yer maydonlaridan kelib chiqib, klasterlar tomonidan yirik chorvachilik komplekslari tashkil qilish vazifasi qoʻyildi.
Viloyatda bir yilda tayyorlanadigan 870 ming donadan ortiq terini qayta ishlaydigan birorta ham korxona yoʻqligi tanqid qilinib, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, viloyat hokimligiga zamonaviy charm-poyabzal korxonalari tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi.
OʻzA