Yana bir qoʻshma korxona faoliyati toʻgʻrisida bitim imzolandi

Mamlakatimizda “Uzenergoengineering–Assystem” qoʻshma korxonasi tashkil etiladi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Energetika vazirligi va Fransiyaning “Assystem Engineeringand Operation Services S.A.S.” kompaniyasi oʻrtasida imzolangan bitimga koʻra, ushbu qoʻshma korxona barcha turdagi elektr tarmoqlari va energetik obyektlarini loyihalash bilan shugʻullanishga ixtisoslashadi.
Fransiyaning hamkor kompaniyasi va “Oʻzenergoinjiniring” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida yaratiladigan korxona yurtimizda masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida faoliyat yuritadi.
Maʼlumot oʻrnida, joriy yilning may oyida tomonlar energetika sohasi boʻyicha oʻzaro manfaatli texnik hamkorlik borasida oʻzaro anglashuv memorandumini ham imzolagan edi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA