Diego Garsiya-Sayan: O‘zbekistondagi o‘zgarishlar bo‘yicha o‘rganishlarim natijasi, xulosalarim ijobiy

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 25 sentabr kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diego Garsiya-Sayanni qabul qildi.
Qabuldan so‘ng Diego Garsiya-Sayan O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoev bilan muloqotimiz samarali bo‘ldi. O‘zbekistonda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, sudlar faoliyati uchun zarur sharoit yaratish, soha xodimlari moddiy va ijtimoiy ta’minotini yaxshilash yuzasidan so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar haqidagi ijobiy xulosalarimiz bo‘yicha fikr almashdik. Sohani rivojlantirish maqsadida tashkilotimiz tomonidan berilgan tavsiyalar davlatingiz rahbari tomonidan ijobiy baholandi.
Sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashda sohaga AKTni joriy etish muhim. Bu sud faoliyatini osonlashtiradi va shaffoflikni ta’minlaydi. Shuningdek, jamoatchilikning suddagi barcha qarorlardan tez va oson foydalanishiga imkon yaratadi. Bir so‘z bilan aytganda, sohaga AKTni joriy etish qonun ustuvorligi va oshkoralikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekistonga tashrifim davomida Samarqand, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida bo‘ldim. Mahalliy aholi, jurnalistlar bilan muloqot qildim. O‘rganishlarim natijasi o‘laroq aytishim mumkinki, xulosalarim ijobiy, yaxshi taassurotdaman. Samarali hamkorligimiz davom etishi belgilangan maqsadlarga erishish imkonini beradi.

 

Z.JONIBEKOV yozib oldi. O‘zA