Fuqarolarga nafaqa tayinlashda STIR talab qilish tartibi bekor qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 fevraldagi “Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida”gi Qarorining 6-bandiga asosan 2019 yil 1 avgustdan boshlab davlat xizmatlari ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy shaxslardan jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchalari, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnomalar, soliq to‘lovchining hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida guvohnomalar, to‘langan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining ushlab qolingan summalari to‘g‘risida ma’lumotnomalar talab qilish taqiqlangan. Ushbu hujjatlarni davlat soliq xizmati organlari, ATB “Xalq banki“, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasidan elektron o‘zaro hamkorlik orqali faqat idoralararo integratsiyalashuv platformasiga axborot olish uchun ulanish yo‘li bilan mustaqil ravishda so‘rab olishlari belgilandi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi rasmiy sayti xabar bermoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 17 dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslar markaziy ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va “elektron hukumat“ tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 365-son qaroridan kelib chiqqan holda Pensiya jamg‘armasining “Pensiya” dasturi “Elektron hukumat“ tizimi bilan bog‘landi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, fuqarolarga pensiya (nafaqa) tayinlanishda STIR talab etish bekor qilindi.

 

O‘zA