Shavkat Mirziyoyev: Mirzo Ulugʻbek bobomizga munosib farzand boʻlishingiz kerak

Prezidentimiz Yunusobod tumanidagi Mirzo Ulugʻbek nomidagi fizika, matematika, informatika va astronomiya fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Ushbu maktab davlatimiz rahbarining 2017-yil 14-sentyabrdagi “Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internatini va “Astronomiya va aeronavtika” bogʻini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida tashkil etilgan.

Taʼlim muassasasida 180 nafar oʻquvchi taʼlim oladi. 2019-2020 oʻquv yilida maktab-internatida 7-, 9-, 10-sinflarda oʻqish istagini bildirgan 403 nafar oʻquvchidan 128 nafari maxsus tanlov asosida qabul qilindi. Bu yerda oʻquvchilarning zamonaviy bilim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yotoqxona, amfiteatr, sport zali va maydonchasi, oshxona, shuningdek, robototexnika, tojmot oʻyini, yosh fizik, matematik, astronomlar va informatiklar toʻgaraklari oʻquvchilar ixtiyorida.

Taʼlim sifatini oshirish, darslarni xorijiy andozalar asosida tashkil etish maqsadida chet ellik pedagoglar jalb etilgan. Ular uchun maktab hovlisining oʻzida maxsus mehmonxona qurilgan.

Maktab-internatda fakultativ dars sifatida aerokosmik texnologiyalar xonasi tashkil etilgan. Unda fanlar boʻyicha laboratoriya ishlarini virtual tarzda oʻrganish, darslik va badiiy adabiyotlardan foydalanishga moʻljallangan “VR BOX”, HOLOMAX”, “QBOX zamonaviy uskunalari, elektron doska, Mendeleyev davriy jadvalining elektron shakli oʻrnatilgan. Maktab binosining tom qismida joylashgan teleskop oʻquvchilarning osmon jismlarini oʻrganishi va kuzatishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbari maktabning yangi binosida yaratilgan sharoitlar, oʻquv xonalarini koʻzdan kechirdi. Oʻquvchilar bilan suhbatlashdi.

– Bu maktabni Mirzo Ulugʻbek nomi bilan tashkil etganimiz bejiz emas. Bundan faxrlanishingiz, buyuk bobomizga munosib boʻlishingiz kerak. Buning uchun juda katta intilish, qunt, mehnat zarur. Vatanimizga kerakli, yetuk mutaxassislar boʻlib yetishishingiz uchun hamma sharoitni yaratib beramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Dars va dam olish vaqtlarini toʻgʻri taqsimlash, zamonaviy metodikalarni qoʻllab, bolalarning fanlarni yaxshi oʻzlashtirishiga imkoniyat yaratish boʻyicha tavsiyalar berildi.


 

Umar ASROROV, OʻzA