Shavkat Mirziyoyev: “Navroʻz” bogʻi oʻzligimizni anglash bogʻi boʻladi

Eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz arafasida Toshkentda yana bir yirik inshoot – “Navroʻz” bogʻi foydalanishga topshirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur bogʻda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Alisher Navoiy bobomizning:

Har tuning qadr ulubon,
Har kuning boʻlsin Navroʻz

degan hikmatli satrlari Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshdi. Toshkentning Abdulla Qodiriy, Labzak, Nurafshon va Sharof Rashidov koʻchalari kesishgan joyda “Navroʻz” bogʻi barpo etildi.

Taʼkidlash joizki, Navroʻz bogʻi ushbu bayram nishonlanadigan birorta mamlakatda yoʻq. Shu jihatdan Navroʻz qadriyatlari va mohiyatini anglashga qaratilgan bogʻ bunyod etilishi xalqimiz maʼnaviy hayotidagi katta voqea boʻldi.

Davlatimiz rahbari oʻtgan yili fevral oyida bu yerga kelib, bogʻning mazmun-mohiyatini boyitish boʻyicha tavsiyalar bergandi. Shu asosda qad rostlagan istirohat bogʻida xalqimiz madaniyati, milliy qadriyatlari chuqur ifodasini topgan. 2,5 gektar maydonni egallagan etnografik shaharchada Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlar nomlari bilan ataladigan koʻchalar va qadimiy uslubda uylar bunyod etilib, har bir hududning oʻziga xos anʼanalari, hunarmandchiligi, turmush tarzi aks ettirilgan.

Boqqa kelgan kishi yurtimizda ming yillar avval astronomik maktab shakllangani, hayot boqiyligi, dehqonchilik madaniyati, rizq-roʻz beradigan ona zaminni sevishga qaratilgan qadriyatlar qadim zamonlarda paydo boʻlganini his etadi. Bu yerdagi saylgohlarda yettilik ramzlar, qurilmalarda samoviy timsollar ishlatilgan, hudud landshafti kishining bahri dilini ochadi.

Boqqa ikki olam – koinot va yerning bir-biriga bogʻliqligini ifodalovchi ramziy shakldagi darvozadan kiriladi. Toʻgʻrida favvorali Navroʻz amfiteatri joylashgan. Yon tomonda hayot davomiyligi timsoli – diametri 72 metrli charxpalak qurilgan. Anhor kanali ustidan oʻtuvchi 88 metrli koʻprik dam oluvchilarga oʻziga xos sayr qilish imkoniyatini ulashadi.

– Oʻzlikni anglash nuqtayi nazaridan bu joyning ahamiyati katta. Bu yerda milliy qadriyatlarimiz, tariximiz yaqqol koʻrinadi. Oʻz tarixini chuqur bilgan xalq gʻururli, qudratli, badavlat boʻladi, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz etnografik shaharchani koʻzdan kechirdi. Har bir hududning oʻziga xos qadimiy madaniyati, hunarmandlik, pazandalik anʼanalari, folklori, etnografiyasi bu yerga keluvchilar uchun madaniy hordiq bilan birga beqiyos tarixiy manba boʻlib xizmat qilishi qayd etildi. Olimlar, ijodkorlar, mahalla oqsoqollari bilan suhbatda bogʻ faqat Navroʻz kunlari emas, yil davomida gavjum boʻlishi, bu yerga kelganlar madaniy hordiq bilan birga maʼnaviy ozuqa ham olishi kerakligi taʼkidlandi.

– Navroʻz shunchaki udum yoki marosim emas, u xalqimizning tarixi. Bu bayram mohiyatida oʻtmishimiz, bugunimiz, kelajagimiz mujassam, – deydi OʻzRFA Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyi direktori, “Doʻstlik” ordeni sohibi Jabbor Eshonqul. – Prezidentimiz ziyolilar bilan uchrashuvda bu bogʻ xalqimizning oʻtmishi bilan birga ertangi kunga intilishlarini ham ifoda etishi zarurligini taʼkidladi. Bu yerga keladigan yurtdoshlarimiz va xorijlik sayyohlar bogʻda tariximizga taalluqli ashyolar va urf-odatlar bilan tanishib, xalqimiz qanday xalq ekanini bilishi zarur. “Navroʻz” bogʻi shu jihatdan tariximiz va madaniyatimizning koʻzgusi boʻladi.

Dam olish maskanida ikkinchi bosqichda yopiq akvapark, Navroʻz bayrami tantanalarini oʻtkazishga moʻljallangan 3 ming oʻrinli amfiteatr, ikkita avtoturargoh barpo etilishi moʻljallangan. Kelgusi yil Mustaqillik bayramiga foydalanishga topshiriladigan ushbu inshootlar “Navroʻz” bogʻining poytaxt aholisi va mehmonlar yanada soʻlim goʻshaga aylantiradi.


 

Matnazar ELMURODOV, OʻzA