Prezident maktablari: har bir bilimli bola e’tiborda!

Har bir ota-ona farzandini yuqori saviyaga ega bo‘lgan maktab va muassasalarda ta’lim olishini xohlaydi. Mamlakatimizda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan Prezident maktablariga imtihon ochiq va adolatli tashkil etilganligi ko‘plab e’tiroflarga sabab bo‘ldi.
Prezident maktablariga imtihon topshirib, kerakli ballni to‘play olmagan, ammo yuqori ball to‘plagan o‘quvchilar boshqa ixtisoslashtirilgan maktablarda tahsil olishni davom ettirishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining qo‘shma qarori bilan Prezident maktablarining asosiy imtihonlarida ishtirok etgan, yuqori ball yig‘ib, o‘qishga qabul qilinmagan nomzodlarni imtihonsiz, qo‘shimcha kvota asosida qabul qiluvchi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari ro‘yxatini tasdiqladi.
Qo‘shma qaror bilan tasdiqlangan ro‘yxatga Qoraqalpog‘iston Respublikasida 11 ta, Namangan viloyatida 20 ta, Xorazm viloyatida 20 ta va Toshkent shahrida 14 ta ixtisoslashtirilgan maktablar kiritilgan.
Mazkur maktablarda Prezident maktablarining 5- va 7-sinfida o‘qish istagini bildirgan va asosiy imtihonlarda 25-o‘rindan boshlab, eng yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar ballar ketma-ketligida, qo‘shimcha kvota asosida o‘rnatilgan tartibda ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga qabul qilinadi.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari qo‘shimcha kvota asosida 1 ming 100 nafar o‘quvchini 5-sinfga va 525 nafarini 7-sinfga o‘qishga qabul qiladi.
Ota-onalar ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga hujjatlarni rasmiylashtirish uchun hududiy xalq ta’limi boshqarmalari hamda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlariga murojaat etishlari mumkin. Shu bilan birga maktab vakillari ham ota-onalar bilan bog‘lanadi.

 

Muhayyo TOShQORAEVA, O‘zA