Tadbirda Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Bosh prokuratura, tashqi ishlar, investitsiyalar va tashqi savdo, mudofaa, ichki ishlar vazirliklari, DXX Chegara qoʻshinlari, Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi, Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz rahbarlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi ishtirok etdi.Yigʻilishda mamlakatimizning xorijiy sheriklar bilan hamkorligining amaliy natijalari, global tendensiyalar, shuningdek, jahonda va mintaqada barqarorlik va xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xatarlar koʻrib chiqildi. Keyingi yillarga moʻljallangan tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning asosiy vazifalari belgilab olindi.
Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan ochiqlik va ishonch siyosati tufayli Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro anglashuvga asoslangan mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllangani taʼkidlandi. Mintaqaning barcha mamlakatlari bilan strategik sheriklik aloqalari yoʻlga qoʻyildi.
Bundan tashqari, oliy darajadagi tadbirlar natijasida anʼanaviy doʻstona munosabatlar oʻrnatilgan mamlakatlar, jumladan, Rossiya, Xitoy, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Osiyo qitʼasi davlatlari bilan hamkorlik salmoqli darajada mustahkamlandi.
Asosiy tashqi iqtisodiy hamkorlar bilan oʻzaro savdo hajmi barqaror ortib borayotgani, Markaziy Osiyoda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, hududlararo hamkorlik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda erishilgan kelishuvlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ustidan, jumladan, parlament tomonidan qatʼiy nazoratni taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.
Oʻzbekistonning BMT, SHHT, MDH, IHT kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar faoliyatidagi ishtirokiga alohida eʼtibor qaratilib, ushbu tuzilmalar doirasida mamlakatimiz tashabbuslarini ilgari surishga doir vazifalar belgilandi.
Yigʻilishda shu davrgacha amalga oshirilgan ishlar tanqidiy baholandi hamda mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlariga hamkor davlatlar bilan oʻzaro manfaatli muloqotni yoʻlga qoʻyishni davom ettirish, shuningdek, ikki va koʻp tomonlama aloqalar doirasida milliy manfaatlarni taʼminlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.