“Haj – 2019” kundaligi
Kecha, 13-avgust kuni yurtimiz hojilari haj amallarini mukammal ado etib, Mino vodiysidan mehmonxonaga eson-omon qaytdi. Shu munosabat bilan “Haj – 2019” ishchi guruhi raisi J.Akramov guruh rahbarlari bilan yigʻilish oʻtkazdi.
Yigʻilishda J.Akramov barcha guruh rahbarlarini mavsumni risoladagidek, tartibli oʻtishida qoʻshgan hissasini eʼtirof etib, ularni qutladi. Oʻz navbatida, joriy haj mavsumi boshqa yillarga qaraganda ancha yengil, oson, tartibli oʻtganini taʼkidladi.
Shuningdek, yigʻilishda bu yil 7000 dan oshiq yurtdoshimiz haj amallarini mukammal ado etgani, quvonchli va ibratli jihati bu yil Oʻzbekiston eng tartibli, hojilarga yaratilgan shart-sharoitlar boʻyicha beshta ilgʻor davlatlar qatoriga kiritilgani alohida aytib oʻtildi.
Hojilarimizning salomatliklari borasida shifokorlar guruhi rahbari A.Soatov maʼlumot berdi. U hojilarimiz sogʻ-salomat, kayfiyatlari aʼlo darajada ekanini aytdi.
Yurtimiz hojilarini haj amallarini mukammal ado etganlari bilan muborakbod etamiz. Barchalarining hajlari mabrur hajlardan boʻlishini Yaratgandan soʻraymiz.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Matbuot xizmati
OʻzA