Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP va “Adolat” SDP fraksiyalarining tashabbusi bilan navbatdagi “Hukumat soati” oʻtkazildi.
Unda deputatlarning “Mamlakatda meva-sabzavot yetishtirish boʻyicha klaster tizimiga oʻtishning samaradorligi va bu borada istiqboldagi vazifalar yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan savollariga javob berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi rahbariyati taklif qilindi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi sohasida butun dunyo tajribasida oʻzini oqlagan yangi tizim – klaster tizimiga oʻtish, ular faoliyatini rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Hozirda bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida respublika boʻyicha meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan jami 47 ta klaster tashkil etilib, ularga 13,5 ming gektar yer maydoni ajratib berilgan. Klasterlar ixtiyorida 15,9 ming tonna sigʻimidagi muzlatkich omborxonalar, 7810 tonna saralash, 800 tonna kalibrlash, 4 ta zamonaviy laboratoriya, 119,8 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, 23201 tonna meva-sabzavotni saralab-qadoqlash sexlari mavjud boʻlib, 1046 doimiy, 1085 ta mavsumiy ish oʻrni tashkil etilgan. Klasterlar tomonidan joriy yilda 127 million 262 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlarni eksport qilish belgilangan boʻlib, shundan 1-avgustga qadar 7 million 293 ming AQSH dollarilik eksport ishlari amalga oshirilgan.
Axborotda taʼkidlanganidek, Qishloq xoʻjaligi vazirligi “Oʻzstandart” agentligi bilan hamkorlikda agrologistika komplekslari va markazlarida xalqaro savdo operatorlari tomonidan xalqaro standartlar talablariga javob beruvchi qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda kompleks xizmat koʻrsatish maqsadida “Global GAP”, “Organic”, “Halal”, “HACCP”, “ISO 22000” xalqaro standartlar talablarini kooperatsiya ishtirokchilari, dehqon va fermer xoʻjaliklari hamda agroklasterlarda joriy qilish boʻyicha muayyan ishlarni olib bordi. Bundan tashqari, klasterlar tomonidan zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishga ham alohida eʼtibor qaratilib, Andijon, Namangan, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo viloyatlaridagi bir qator fermer xoʻjaliklarida tomchilatib sugʻorish orqali meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish yoʻlga qoʻyilishi natijasida oʻsimlikning oʻsishi uchun yetarli miqdordagi suv bir meʼyorda yetkazilishiga, mehnat sarfi uch martagacha, mineral oʻgʻitlar 40 foizgacha tejalishiga, hosildorlik 70 sentnergacha oshishiga erishilmoqda.
“Hukumat soati”da bu borada erishilayotgan natijalar bilan bir qatorda, sohada yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar, mavjud muammo va yechilishi lozim boʻlgan masalalarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, deputatlar ixtisoslashgan klasterlarda meva-sabzavotlarni xalqaro standartlar talablarida yetishtirish, ularga kafolatli talabgor buyurtmachilar roʻyxatini shakllantirish, daladan toʻgʻridan-toʻgʻri isteʼmolchiga yetkazib berish, qayta ishlash, qadoqlash va eksport masalalari hamda transport-logistika tizimini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq muammoli holatlar yuzasidan bir qator savollar bilan murojaat etdilar.
Qayd qilinganidek, bugungi kunda respublikamizda 241 mingta qishloq xoʻjalik texnikasi, shundan 52 mingta traktor mavjud. Traktorlar bilan taʼminlanganlik darajasi sabzavot va polizchilikda – 54 foiz, bogʻdorchilik va uzumchilikda – 48 foiz, chorvachilikda – 55 foizni tashkil etadi. Shundan bogʻdorchilikka ixtisoslashgan traktorlarning 57 foizi, transport traktorlarining 41 foizi, haydov traktorlarining 31 foizi oʻz xizmat muddatini oʻtab boʻlgan.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi mutasaddisi ushbu muammo yuzasidan parlament vakillari bergan savolga javob qaytarar ekan, mazkur masalani ijobiy hal etish maqsadida Prezidentimiz tomonidan yaqinda imzolangan “Qishloq xoʻjaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorga asosan, meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan klasterlarda 2019-2025-yillarda 100 mingdan ortiq yangi qishloq xoʻjaligi texnikasi, jumladan, 18 ming 744 ta meva-sabzavotchilikka moslashtirilgan texnikalar ishlab chiqarilib, joylarga yetkazib berilishi belgilanganini qayd etib oʻtdi. Shuningdek, respublikada ishlab chiqarilgan zamonaviy texnika sotib olishda qiymatini 15 foizini subsidiyalash hamda bank krediti yoki lizingga sotib olingan texnikalar boʻyicha foiz stavkalarining 50 foizini davlat tomonidan qoplab berish mexanizmi joriy etilganini maʼlum qildi. Albatta, ushbu mexanizmlar qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini mexanizatsiyalash darajasini oshirish, agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazish, hosildorlikni kamida 15-20 foizga oshirish imkonini berishini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, deputatlar vazirlikning meva-sabzavot yetishtirish boʻyicha klaster tizimiga oʻtishning samaradorligini yanada oshirish borasidagi istiqboldagi rejalari, koʻrilayotgan chora-tadbirlari xususida qiziqdi. Shuningdek, klasterlar tomonidan yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarni xorijga eksport qilish borasida yuzaga kelayotgan muammolar hamda ularni bartaraf etish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan savollar berishdi.
Qizgʻin bahs-munozara va savol-javoblardan soʻng deputatlar tomonidan vazirlik faoliyatini zamon talablaridan kelib chiqqan holda yanada jonlantirishga, mamlakatning qishloq xoʻjaligi sohasidagi jozibadorligini oshirishga qaratilgan qator fikr-mulohaza hamda amaliy takliflar bildirildi.
Tadbir yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmitalariga sohaga oid amaldagi qonun hujjatlarini va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish tavsiya etildi. Shu bilan birga, mazkur yoʻnalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati
O’zA