Toshkent shahrida “Yangi ijtimoiy shartnoma: Yevropa va Markaziy Osiyo kasaba uyushmalari nigohida” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada Senat Raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etdi.
– Zamonaviy standartlarga javob beradigan ijtimoiy shartnomani ishlab chiqish va amalga oshirish davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy siyosati samaradorligini oshirishga va munosib mehnat tamoyilini amalga oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, – dedi T.Norboyeva. – Ijtimoiy shartnomalarni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan institutlarda olib borilayotgan islohotlarning ahamiyati juda yuqori. Munosib mehnat va ijtimoiy adolat – odamlarning yashash va mehnat sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan barcha shartnomalarning ajralmas tamoyillariga aylanishi zarur.
Konferensiya davomida ijtimoiy shartnomalar doirasida ijtimoiy, iqtisodiy va global ekologik muammolarni hisobga olish zarurligi qayd etildi.
Ishtirokchilar bu masalalar ish beruvchilar, hukumatlar va parlamentlar kun tartibida asosiy o‘rin egallashi, shuningdek, mehnat huquqlari va ijtimoiy mas’uliyat sohasida kelgusidagi hamkorlik uchun asos bo‘lishi kerak, degan xulosaga keldi.
Yetakchi ekspertlar, kasaba uyushmalari tashkilotlari, davlat tuzilmalari va xalqaro tashkilotlar vakillari ijtimoiy-iqtisodiy siyosat, munosib mehnat va ijtimoiy sheriklik bilan bog‘liq boshqa muhim masalalarni ham muhokama qildi.
N.Abduraimova,
O‘zA