Hindistonning Kalkutta shahrida shaxmat bo‘yicha mukofot jamg‘armasi 41 ming 500 AQSH dollaridan iborat “Tata Steel Chess India” turnirida dunyoning eng kuchli grossmeysterlari qatorida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov ham g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
“Tata Steel Chess India” turniri 9 tur rapid (25+10) va 18 tur blits (3+2) yo‘nalishida bo‘lib o‘tadi.
Bugun, 13 noyabr kuni xalqaro turnirning rapid yo‘nalishidagi ilk turda Abdusattorov FIDE bayrog‘i ostida bahslarda ishtirok etayotgan rossiyalik Danil Dubovga qarshi dona suradi.
Shuningdek, kun davomida Abdusattorov germaniyalik Vinsent Kaymer (2-tur) va hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxa (3-tur) bilan kuch sinashadi.
Rapid va blits yo‘nalishlari uchun alohida g‘olib aniqlanadigan “Tata Steel Chess India” turnirida Magnus Karlsen, xitoylik Vey I, germaniyalik Vinsent Kaymer, AQSH vakili Uesli So, hindistonlik Arjun Ergaisi, Nihal Sarin va Sunildat Narayanan musobaqada o‘z mahoratlarini namoyish etishga hozirlanmoqda.
Musobaqalar 17 noyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA