Joriy yilning 15-17 noyabr kunlari poytaxtimizdagi “Paxtakor” va “Yoshlik” zallarida qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon kubogi bosqichi bo‘lib o‘tadi. Musobaqada dunyoning 15 davlatidan 200 ga yaqin sportchi g‘oliblik uchun kurashadi.

Mazkur jahon kubogiga tayyorgarlik jarayoni, qilichbozlarimizning mashg‘ulotlari haqida O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i, xalqaro toifadagi hakam Halilullo Sharipov quyidagilarni gapirib berdi.

– Avvalo, mamlakatimizda so‘nggi yillarda Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan qilichbozlik sport turi aholi o‘rtasida yanada ommalashayotgani haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bir necha yillar oldin O‘zbekistonda qilichbozlik bilan faqatgina Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Navoiy viloyatlarida shug‘ullanishning imkoni bor edi.

Bugungi kunga kelib, yurtimizning barcha hududlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida federatsiyamizning bo‘linmalari faoliyat yuritayotgani, ushbu sport bilan shug‘ullanish uchun kerakli sport inventarlari o‘z vaqtida yetkazilib, sport zallari xalqaro standartlarga javob bera olishini ko‘rsatish mumkin. Shuningdek, yosh qilichbozlarni kamol toptirishda tajribali murabbiy faoliyat olib borayotgani quvonarli holdir. Ushbu samarali ishlar natijasini, Osiyo o‘yinlari va chempionatlari, jahon kubogida qayd etayotgan natijalarimizda ham ko‘rishingiz mumkin.

Endi esa jahon kubogi haqida ma’lumot berib o‘tadigan bo‘lsam, ushbu musobaqaga Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi talablariga rioya qilgan holda ikki oy oldin tayyorgarlik ko‘ra boshladik. Bugungi kunga kelib jahon kubogini o‘tkazish uchun barchasi shay. Umid qilamizki, kubok bahslari avvalgilariga nisbatan yuqori saviyada o‘tadi.

Jahon kubogida terma jamoamiz safida 19 ta o‘g‘il bolalar va 21 ta qizlar medallar uchun kurash olib boradi. Ular orasida Zuhriddin Qodirov, Musa Aymuratov, Islombek Abdazov, Alpamis Urakbayev, Fernanda Errera, Gulistan Perdibayeva, Nargiza Jaksibayeva kabi iqtidorli sportchilar borligi bellashuvlarda yuqori pog‘onalarni ko‘zlamoqda.

Sportchilarimiz jahon kubogi va boshqa musobaqalarga Yorqin Yo‘ldoshev, Davrbek Jiyanmurodov, Islom Sultonov, Ortiq Bo‘riyev chet ellik murabbiylar Vladimir Nazlimov qo‘l ostida tayyorgarlik ko‘rdi. Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, sablya yo‘nalishidagi qizlar terma jamoamiz jahon kubogi oldidan Janubiy Koreya mamlakatida xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashgan bo‘lsa, yigitlarimiz Rossiyada o‘tkazilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida o‘z tajribalarini oshirdi.

Ma’lumot uchun: Musobaqa taqvimiga ko‘ra, 15 noyabr kuni qizlar o‘rtasida yakkalik bahslar, 16 noyabr yigitlar o‘rtasida yakkalik bahslar, 17 noyabr kuni qizlar va yigitlar o‘rtasida jamoaviy bahslar o‘tkaziladi.

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA muxbiri