Xabaringiz bor, joriy yilning 14 noyabr kuni futbol bo‘yicha Osiyo qit’asi uchun Jahon chempionatining 3-saralash bosqichi doirasida guruh bahslarining 5-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi “A” guruhida Qatarga qarshi safarda o‘yin o‘tkazadi. O‘yinga 14 noyabr kuni “Jassim bin Hamad” stadioni mezbonlik qiladi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:15 start olishi kutilmoqda.

Osiyo futbol konfederatsiyasi mazkur bahsni koreyalik hakamlar brigadasi boshqarishini belgiladi. O‘yinni Kim Jong Xeok bosh hakam sifatida boshqarsa, unga qanotlarda Park Kyunyong va Jang Jongpil yordam beradi. To‘rtinchi rasmiy hakam sifatida Chae Sang Xeop faoliyat yuritadi. VAR’da esa Kim Heegon ishlaydi.

O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi uchrashuvlar statistikasi bilan tanishtirib o‘tsak. Jamoalar o‘rtasida o‘tkazilgan umumiy 15 o‘yinning 9 tasida terma jamoamiz zafar quchgan bo‘lsa, 4 ta o‘yinda imkoniyatni boy berib qo‘ygan va qolgan 3 uchrashuv durang bilan o‘z yakuniga yetgan. Ular o‘rtasidagi ilk o‘yin 2001 yilning avgust oyida bo‘lib o‘tgan. Mazkur to‘qnashuvda terma jamoamiz 2:1 hisobida zafar quchgan. So‘nggi o‘yin esa joriy yil Qatarda o‘tgan Osiyo kubogi chorak finali doirasida o‘tkazilgan va unda futbolchilarimiz penaltilar seriyasida alamli tarzda imkoniyatni boy berib qo‘ygan. Umid qilamizki, yana ikki kundan so‘ng o‘tadigan o‘yinda muxlislar o‘sha alamli mag‘lubiyatni unutib, termamiz g‘alabasini tantana qiladi.

Shuningdek, jahon chempionati 3-saralash bosqichining beshinchi turida quyidagi o‘yinlar o‘tkaziladi:

“A”: BAA – Qirg‘iziston, KXDR – Eron;

“B”: Iordaniya – Iroq, Quvayt – Janubiy Koreya, O‘mon – Falastin;

“C”: Idoneziya – Yaponiya, Avstraliya – Saudiya Arabistoni, Bahrayn – Xitoy.

Eslatib o‘tamiz, saralash bahslarining 4-tur yakuniga ko‘ra “A” guruhida Eron va O‘zbekiston termalari ochkolarini 10 taga yetkazib oldi. BAA hamda Qatar 4 ochko bilan 3-4 pog‘onalarga joylashdi. Qirg‘iziston 3 ochko jamg‘argan holda 5-o‘rinda bormoqda. KXDR hamon 2 ochko bilan so‘nggi o‘rinda qolayotir.

“B” guruhida Janubiy Koreya 10 ochko bilan guruh peshqadamiga aylangan. Iordaniya va Iroq terma jamoalari 7 ochko jamg‘argan holda kuchli uchlikdan o‘rin oldi. O‘mon va Quvayt 3 ochko bilan 4-5-o‘rinlarda borayotgan bo‘lsa, Falastin 2 ochko bilan 6-pog‘onadan o‘rin egalladi.

Ayni vaqtda Yaponiya 10 ochko bilan “C” guruhida karvonboshilik qilmoqda. Avstraliya, Saudiya Arabistoni hamda Bahrayn terma jamoalari bir xil – 5 ochko jamg‘arib, navbatdagi bosqichga chiqish imkoniyatlarini saqlab qoldi. Ularning guruhdagi joylashuvi esa faqatgina gollar nisbatiga ko‘ra saralandi. Indoneziya va Xitoy termalari 3 ochko bilan 5-6 o‘ringa tushib qoldi.

Ma’lumot o‘rnida: Saralashda hali mag‘lubiyatga uchramagan 4 ta terma jamoa bor – O‘zbekiston, Eron, Yaponiya va Janubiy Koreya. Bu terma jamoalar hisobida bir xil – 10 ochko bor.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA