Xabaringiz bor, joriy yilning 28 noyabr – 12 dekabr kunlari Iordaniya poytaxti Amman shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionati o‘tishi kerak edi.
Ammo, Osiyo boks konfederatsiyasi bosh kotibi Ali Salameh xabariga ko‘ra, Iordaniyadagi siyosiy vaziyat tufayli ishtirokchi davlat vakillari tinchligi va boshqa qator masalalar sababidan mazkur qit’a birinchiligi Tailandning Chiangmay shahrida tashkil etiladigan bo‘ldi.
Bu yilgi Osiyo chempionatining ochilish va qur’a tashlash marosimi 29 noyabr kuni o‘tkazilsa, 30 noyabrdan 11 dekabr kuniga qadar janglar tashkil etiladi.
Ma’lumot o‘rnida: 2022 yil Iordaniya poytaxti Amman shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 6 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza jami 13 ta medal jamg‘arib, qit’aning eng kuchli ikkinchi jamoasiga aylangan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA