Bugun, 12 noyabr kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Braziliyada 18 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatida Vatanimiz shuhratini ulug‘lagan yosh sportchilarimiz tantanali kutib olindi.
Kutib olish marosimida O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Yoshlar ishlari agentligi direktori, mamlakat shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev, keng jamoatchilik vakillari, ota-onalar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Aytish lozim, Braziliyada o‘tgan jahon chempionati O‘zbekiston shaxmati uchun yana bir tarixiy g‘alabani tortiq etgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
2023 yil Italiyada o‘tgan jahon chempionatida 14 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchi qizlar o‘rtasida jahon chempionligiga erishgan Afruza Hamdamova bu gal 16 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi. Afruza musobaqalar davomida 11 ta turning 10 tasida g‘alaba, 1 tasida durangga erishishi jahon chempionatidagi eng yuqori natija sifatida talqin etildi.
Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan shaxmatchilarimizga gullar taqdim etildi. Chiroyli tilaklar bildirildi. Tantanalar davomida ikki karra jahon chempionligiga erishgan Afruza Hamdamova va uning murabbiyi Asqar Hakimovga pul mukofoti hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Jahon chempionatining 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar bahsida Javohir Bozorov 11 ta turda 6,5 ochko jamg‘arib, 118 nafar ishtirokchi orasida umumiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra 31-o‘rindan, 14 yoshli qizlar orasida Nilufar Imomqo‘ziyeva 7 ochko bilan 95 nafar ishtirokchi orasida 7-o‘rindan joy egallashi o‘zbek shaxmatining yangi oltin avlodi kamol topayotganini amalda ko‘rsatdi.
13 kunlik shiddatli bellashuvlar ortda qoldi. O‘z iqtidorini, salohiyatini namoyish etganlar orasida yurtimiz vakillarining borligi, bor bo‘lganda ham munosib o‘yin namoyish etgani keyingi muvaffaqiyatlarga poydevor bo‘lishi bilan ahamiyatli.
Yana bir o‘ziga xos jihat. Afruza Hamdamova bugun dunyo shaxmatida 16 yoshgacha bo‘lgan qizlar orasida jahonning birinchi raqamlisiga aylandi. Nilufar Imomqo‘ziyeva 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar orasida jahonning 7-raqamli shaxmatchisi nomiga sazovor bo‘ldi. Javohir Bozorov 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar orasida 31-pog‘onada qayd etildi. Xalqaro shaxmat federatsiyasi taqvimida ushbu reyting va ko‘rsatkichlarga erishgan shaxmatchilarimizning natijasi esa jahonda shaxmat bilan jiddiy shug‘ullanayotgan millionlab yoshlarning orzusi.
Bugun ularning orzularini haqiqatga aylantirgan shaxmatchilarimizning g‘alabali odimlari bardavom va sobit bo‘lishini istab qolamiz.
T.Ro‘ziyev,
Yo.Meliboyev, A.Alijonov (surat, video), O‘zA