Poytaxtimizda qurilayotgan Olimpiya shaharchasi hududida eng so‘nggi qulayliklarga ega tibbiyot markazi ham barpo etilmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston sport vazirligida ob’ekt foydalanishga topshirilgach uning faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish mavzusida yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda sport vaziri Adham Ikromov, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov, MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov, MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori Kamol Sirojiddinov ishtirok etdi.

Yig‘ilishda  O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi, Adham Ikromov sport tibbiyotining bugungi kundagi ahamiyati, terma jamoalarimizning so‘nggi yutuqlarida mazkur yo‘nalishning ham katta hissasi borligi, shu bois, bo‘lajak tibbiyot markazi oldinda turgan g‘alabalar uchun ham salmoqli ulush qo‘shishi lozimligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida ob’ektning zamonaviy texnikalar bilan jihozlanishi, atletlarimiz uchun ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarni yanada yaxshilash, ular uchun qulay sharoitlar yaratish borasida takliflar berildi.

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida qurilayotgan futbol bo‘yicha milliy terma jamoalar markazi hududidagi Sport tibbiyoti va reabilitatsiya bo‘limi loyihasi ham mutasaddi rahbarlar tomonidan muhokama qilindi.

Yig‘ilish so‘ngida “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik bo‘yicha Oybek Qosimov ma’lumot berib, mavjud masalalar hal qilinayotganini ta’kidladi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA