Qatarning Sport va olimpiya muzeyi direktori, Osiyo Olimpiya kengashi (OOK)ning protokol menejeri Abdulla Al Mulla “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik jarayoni bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekistonga keldi. “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tutash hududda qad rostlayotgan Olimpiya shaharchasidagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi va zarur tavsiyalar berdi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi, “Toshkent-2025” direksiyasi direktori Oybek Qosimov bilan uchrashuvda belgilangan tartib bo‘yicha tayyorgarlik rejasi batafsil ko‘rib chiqildi. “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish va yopilish marosimlariga ko‘rilayotgan hozirlik, musobaqa mehmonlari uchun yaratiladigan sharoitlar, faoliyat olib boradigan ko‘ngillilarni to‘g‘ri taqsimlash kabi masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuvda futzal bo‘yicha mamlakatimizda o‘tkazilgan jahon chempionati a’lo darajada tashkil etilgani e’tirof etildi. O‘z navbatida, “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlari yurtimizda har jihatdan yuqori saviyada o‘tkazilishiga ishonch bildirildi.

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA