Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi.

Institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Quvondiq Qodirov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston – Koreya Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalar bilan birga ta’lim sohasidagi hamkorlikning samarali davom etayotganligi ta’kidlandi. Shuningdek, institutda ilmiy-pedagogik yo‘nalishda xalqaro hamkorlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Elchi yuqori darajada hamda samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz bo‘ylab keng miqyosda belgilanayotgan Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining 200 yilligi hamda institutning 90 yilligi bilan muborakbod etdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida so‘nggi yillarda iqtisodiy sohalar bilan birgalikda ta’lim sohasiga investitsiyalar kiritish bo‘yicha ijobiy ishlar amalga oshirilayotganligini alohida ta’kidladi.

Suhbat davomida Koreya Respublikasining eng ilg‘or oliy ta’lim muassasalari bilan ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, institut professor-o‘qituvchilari hamda talabalarining stajirovkalar va o‘quv dasturlari doirasida grant loyihalarida ishtirok etishiga ko‘maklashish, institutda faoliyat yuritayotgan “Koreya burchagi” ishlarini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilinib, kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.

Bundan so‘ng delegatsiya a’zolari Qoraqalpog‘istonda koreys tilini o‘rgatish bo‘yicha asosiy markaz sifatida faoliyat yuritayotgan institutdagi “Koreya burchagi”ga tashrif buyurib, turli nomdagi o‘quv adabiyotlari hamda zarur buyumlarni topshirdi. Elchi janob markazning faoliyatiga yuqori baho berib, bu yerda xizmat qilayotgan mas’ullarga minnatdorlik izhor etdi. Delegatsiya a’zolari institutning yangi o‘quv binosida yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, ijobiy fikrlarini bildirdi.

Oliy ta’lim muassasasi dutorchilar ansambli ijrosidagi milliy kuy-qo‘shiqlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri