Prezident tashabbusi bilan zavod qayta tiklandi

Fargʻona neftni qayta ishlash zavodiga xorijlik investorlar tomonidan neft xom ashyosini yetkazib berishning boshlangani tarixiy voqea sifatida kutib olindi. Bu yerda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar Prezidentimizning zavodni qayta tiklash borasidagi tashabbusidan behad mamnun boʻlmoqda.
Zavod oʻz vaqtida Fargʻona vodiysidagi neft konlarini oʻzlashtirish va mintaqa davlatlariga neft mahsulotlarini yetkazib berish maqsadida bunyod etilgan. U hozirgi kunda ham uglevodorod xomashyosini qayta ishlash boʻyicha mamlakatimizdagi yirik majmualardan biridir. 475 gektar yer maydoni, 52 ta texnologik obyekt uning ulkan salohiyatidan dalolat beradi.
Lekin texnika va texnologiyalar eskirgani, ishlab chiqarish asosan importga bogʻliq boʻlgani sababli korxona keyingi oʻn yilda oʻzini oqlamayotgan edi. Yillik loyiha quvvati 6 million 450 ming tonna boʻlgani holda, ishlab chiqarish bor-yoʻgʻi 30 foizga tushib qolgandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlari boshlandi. Modernizatsiya jarayoni Indoneziyaning “Transasia Resources” kompaniyasi bilan hamkorlikda uch bosqichda amalga oshiriladi.
– Kompaniyamiz tomonidan loyiha doirasida 2022-yilgacha kamida 875 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb etiladi, –deydi investor vakili Muzaffar Mavlonov. – Ayni kunlarda “Grasmo Assets PTE” xorijiy korxonasi tashkil etildi. Hozirda zavodga xomashyo olib kelish, ishlab chiqarish hajmini oshirish boʻyicha dastlabki ishlarni boshladik. Xomashyo Rossiya, Qozogʻiston va boshqa qoʻshni davlatlardan olib kelinmoqda. Shuningdek, asosiy sarmoyani zavodning quvvatlarini ishga tushirish va uni modernizatsiya qilishga yoʻnaltirishni maqsad qilganmiz.
Oʻtgan yillar davomida neft xomashyosining yetishmasligi natijasida koʻplab ish oʻrinlari qisqartirildi, baʼzi bir qurilmalar faoliyati toʻxtadi. Mazkur zavodda yangi davrning boshlanishi esa bu yerga qaynoq ish jarayonini olib keldi. Koʻplab mutaxassislar oʻz ish joyiga qaytdi. Mirodil Sobirjonov ham ana shulardan biri.
– Koʻp yillar ishlagan joyga qandaydir mehringiz tushib qolarkan, – deydi M.Sobirjonov. – 2014-yilda xomashyo taqchilligi bois biz mehnat qilayotgan qurilmani faoliyati toʻxtalib, ish oʻrinlarimiz qisqargani uchun boshqa joyda ishlab kelayotgan edim. Prezidentimizni zavodga tashrifini, modernizatsiya qilish boʻyicha topshiriqlarini televideniye orqali koʻrib, xursand boʻlgandim. Mana oʻsha ezgu ishlarni amalga oshirish jarayoni boshlandi. Men ham jonajon zavodimga qaytdim. Ayni kunlarda neftni birlamchi qayta ishlovchi qurilma modernizatsiya qilinib, ishga tushirildi. Barchamiz zavodimizdagi katta yangilanishlardan xursandmiz.
Fargʻona neftni qayta ishlash zavodiga dastlabki neftni kirib kelishi katta shodiyona sifatida nishonlandi. Zavod ulkan yangilanishlar boʻsagʻasida turibdi. Yirik investitsiya loyihasining amalga oshirilishi esa zavod mavqeini tiklab, raqobatbardosh va sifatli mahsulot ishlab chiqarish, yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi.
Tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Sh.Gʻaniyev ishtirok etdi.

 

M.SULAYMONOV, M,QODIROV (surat), OʻzA