Yaxshi niyati oʻziga hamroh boʻlgan inson...

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida bir guruhda tahsil olgan nukuslik Oʻrol opa Qartbayeva davlatimiz rahbarining bugungi kunda Orol muammosini bartaraf qilish boʻyicha amaliy harakatlarini hayajon bilan OʻzA muxbiriga soʻzlab berdi.
Suhbatdosh talabalik paytlardagi xotiralari bilan ham oʻrtoqlashdi:
– 1976-yilda biz muhtaram Shavkat Miromonovich bilan bir guruhda – tayyorgarlik kursida oʻqiganmiz. U talabaligidayoq kelajakda kim boʻlishini koʻrsata olgan edi. Institutimiz kutubxonasi uning ikkinchi uyi boʻldi. Matematika fanidan Umarov degan domlamiz bizga savol berardi. Shunda Shavkat Mirziyoyev birinchi boʻlib javob berar va savolning javobi kitobning qaysi sahifasida ekanligini ham toʻgʻri aytardi.
Domlamiz Orol dengizi muammosi haqida koʻp gapirardi. Shunda Orol dengizining suvi tortilib quriyotgan, olamshumul voqeaga aylanayotgan edi. Yosh talaba Shavkat Mirziyoyevning “Kelajakda albatta Orolni toʻldirishga hissa qoʻshaman” degan gapi qulogʻimizdan ketmaydi. U shu soʻzini kuchli ehtiros va qatʼiy ishonch bilan aytar edi. Menga “Orol” deb murojaat qilardi. “Orol opa, men dengizni toʻldiraman”, derdi. Biz unga “Siz qanday qilib toʻldirasiz, hali yoshsiz-ku, sizdan katta odamlar ham uddalay olmayapti” deganimizda “Men kelajakda Orolni toʻldirish yoʻlini topaman!” deb javob berardi.
Shavkat Miromonovich Prezident boʻlib saylangandan keyin birinchi tashrifini Qoraqalpogʻistondan boshladi. Moʻynoqqa ichimlik suvini tortish boʻyicha topshiriq berdi va qisqa vaqt ichida tuman xalqi toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Ayni paytda Orol muammosini bartaraf qilish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrilmoqda. Bugun koʻz oʻngimizda Moʻynoq butunlay oʻzgarmoqda. Xalqimizda “Ellik yilda el yangi” deyishadi. Oʻylab qarasam biz birga oʻqigan davrga ham 43 yildan oshmoqda. U kishining oʻsha paytda Orolni toʻldiraman degan soʻzlarining mohiyatini endi anglagandaymiz.
Prezidentimizning Qoraqalpogʻistonga va Qoraqalpoq xalqiga oʻsha paytda ham mehri boʻlakcha ekanini, millatparvarligini bugungi amalga oshirilayotgan izchil islohotlardan keyin tushundik. U qoraqalpoq yigit-qizlarini juda hurmat qilar edi. Bugungi kunda Orolboʻyida yuz berayotgan oʻzgarishlarni televizor orqali koʻrib oʻtirib, koʻzimizga yosh keladi. Ichimizda “Janob Prezident, Siz talaba paytingizdagi gapingizning ustidan chiqyapsiz. Orol dengizining qurishiga qarshi kurashib nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo xalqlarining muammosini hal qilyapsiz!” deymiz.
Ilohim, Prezidentimizning umri uzoq boʻlsin, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, obodonchilikka koʻz tegmasin.
RS. Oʻrol Qartbayeva Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagandan keyin oʻz sohasi boʻyicha Amudaryo tumanida, keyinchalik oilaviy sharoitiga koʻra uzoq vaqt Nukusda faoliyat yuritgan. Hozirda nafaqada. Turmush oʻrtogʻi Usnatdin ogʻa bilan farzandlari kamolini koʻrib, umrguzaronlik qilmoqda.

 

Yesimxon QANOATOV, OʻzA