Orolga hayot qaytmoqda...

Orol dengizining qurigan qismidagi shoʻrlangan yerlarda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot va amaliy ishlar koʻlamini kengaytirish, ekotizimni yaxshilash hamda munosib hayot faoliyatini taʼminlashga qaratilayotgan eʼtibor yuksak samara berayotir.
Prezidentimizning 2018-yil 16-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazini tashkil etish toʻgʻrisida“gi qarori bu borada muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda. Islom Taraqqiyot banki va Shoʻrlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) ilmiy-texnik koʻmagida tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi zimmasida qator dolzarb vazifalar bor.
Markaz Orol dengizining qurigan tubida shoʻrlangan yerlarda ekotizim hamda barqaror turmush darajasini taʼminlash, xalqaro tashkilotlar bilan innovatsiya va yerlarning shoʻrlangan hududida ekologik muammolarni hal qilish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqda.
Shuningdek, tajriba maydonlarini yaratish, texnologik transfer va shoʻrlanish sharoitida tadqiqotlar oʻtkazish, ushbu sohada davlat-xususiy sektorlar hamkorligini rivojlantirish borasidagi xalqaro innovatsion tashkilotlar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyadi.
Markaz yuridik subyekt sifatida Nukus tumanida roʻyxatdan oʻtgan. Uning huzurida “Orolboʻyi hududida innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash” jamgʻarmasi tashkil etilgan. Nukus tumani hokimining 2018-yil 6-dekabrdagi tegishli qaroriga asosan “Samanboy” ovul fuqarolar yigʻini hududidan markaz idorasi, laboratoriya, zamonaviy mehmonxona va ilmiy-tadqiqot tajribalari uchun yer maydoni ajratildi. Ayni paytda qurilish ishlari yakunlanish arafasida.
Markazga yosh mutaxassislarni jalb qilish maqsadida ingliz va rus tillarini mukammal egallagan 30 nafardan ortiq yoshlar suhbat va test sinovidan oʻtkazildi. Natijada yuqori koʻrsatgichga erishgan 6 nafar yosh mutaxassis shu yilning fevral oyida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridagi Shoʻrlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazida (ICBA) shartnoma asosida ilmiy amaliyot oʻtab, bilim va malaka oshirdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2018-yil 21-noyabrdagi bayonnomasi ijrosini taʼminlash maqsadida Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazining “Moʻynoq” uchastkasi tashkil etildi. Tuman hokimining qarori bilan “Tikoʻzak” ovul fuqarolar yigʻini hududidan Orolboʻyi iqlimiga moslashgan, choʻl va shoʻrga chidamli oʻsimliklarni ekish va tajriba sinov maydonchasini tashkil qilish uchun 20,3 gektar yer maydoni ajratildi. Bugungi kunda uchastkada 9 nafar mutaxassis va ishchi mehnat qilmoqda.
Bu yerda har xil choʻl va shoʻrga moslashgan oʻsimliklar urugʻlarini terish va ajratilgan yer maydoni atrofini obodonlashtirish ishlari olib borildi. Uchastkaga ajratib berilgan yerlarda tuproqning agrokimyoviy tarkibini aniqlash maqsadida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi xodimlari bilan birgalikda tuproq namunalari olinib, laboratoriya tahlilidan oʻtkazildi. Uchastka hududida 14,7 gektar maydonda shoʻr va choʻlga chidamli jami 36 turdagi oʻsimlik urugʻi, koʻchati va qalamchasi ekildi.
Qoraqalpogʻiston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti taklifiga koʻra, shoʻr va choʻlga chidamli har xil qishloq xoʻjalik va dorivor oʻsimliklarni ekish uchun yer maydoni ajratib berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi mutaxassislari bilan oʻsimlik turlarini koʻpaytirish va yetishtirish, bugungi kun talabiga mos keladigan intensiv baliq urchitish texnologiyalarini qoʻllash boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Shoʻrlangan yerlarda ekotizim va mahalliy aholi turmush darajasini yaxshilash, agrooʻrmon melioratsiyasi, choʻl maydonlarini oʻrmonzorlarga aylantirish, suv osti ekinlari, bioenergetika, ekinlar diversifikatsiyasi, ekin maydonlari va yaylovlarni rivojlantirish masalalari boʻyicha oliy oʻquv yurtlarida davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Ular bilan qurgʻoqchilikni boshqarish va uning oqibatlarini yumshatish, iqlim oʻzgarishlariga moslashishni belgilash, Orolboʻyi hududida ekologik muhitni yumshatishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarni oʻz ichiga oladigan innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda.
Qishloq aholisi turmush tarzini yanada yaxshilashga yoʻnaltirilgan shoʻrlangan yerlardagi artezian va kollektor suvlaridan samarali foydalanish loyihasi oʻrganilmoqda. Bu borada ishdan chiqqan va harakatdagi artezian quduqlarining joylashishini aniqlash ishlari boshlab yuborildi. Dengizning qurigan tubida joylashgan artezian quduqlari suvlaridan ekinlarni sugʻorishda foydalanish imkoniyatlarini oʻrganish maqsadida Qoraqalpogʻiston meliorativ ekspeditsiyasi va xalqaro Orolni qutqarish jamgʻarmasi Nukus filiali tomonidan fevral oyida Oqbetkey arxipelagi atrofidagi artezian quduqlari suvi tarkibini oʻrganishga yoʻnaltirilgan ekspeditsiya tashkil qilindi. “Yaltirbosh” koʻli atrofidagi dengizning qurigan maydonlarida hayvonot dunyosini boyitish uchun Buxoro viloyatidagi maxsus “Jayron” qoʻriqxonasidan jayron, qulon, Prjevalskiy otlarini olib kelish va ularni koʻpaytirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Qoraqalpogʻiston boʻlimi olimlari bilan birga dastlabki tadqiqot ishlari olib borilayotir.
– Bugungi kunda turli tashkilotlardan hududda ekologik vaziyatni yaxshilashga yoʻnaltirilgan qator loyiha takliflari kelib tushmoqda, –deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi direktori Nurlibek Mirzamuratov. – Ular orasidan istiqbolli va maqsadga muvofiq deb hisoblangan 33 ta loyiha tayyorlanib, shundan 9 ta loyiha Birlashgan Millatlar Tashkiloti qoshida yangi tashkil etilgan Trast fondi mablagʻlari hisobidan amalga oshirish uchun, 24 ta loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etildi. Bundan tashqari, Germaniyaning taʼlim va ilmiy-tadqiqot boʻyicha Federal vazirligining CLIENT II dasturiga “Choʻlga va shoʻrga chidamli oʻsimliklarni oʻrganish boʻyicha kompleks biolaboratoriya tashkil etish” va “Orol dengizining qurigan yerlarida yem-xashak ishlab chiqarish va chorvachilikni rivojlantirish uchun barqaror oʻsimliklar va ekish materiallarini ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirish, chiqindi suvdan foydalangan holda biotsenozni qayta tiklash va agrobiotsenoz modelini yaratish” loyihalari taqdim etildi. Jahon rivojlanish banki mablagʻlarini jalb qilish maqsadida “Texnologiya va bilimlar transferi uchun “Arboretum tashkil etish” va “Choʻlga va shoʻrga chidamli oʻsimliklarni oʻrganish boʻyicha kompleks biolaboratoriya tashkil etish” loyihalari, Kanadaning mahalliy tashabbuslar jamgʻarmasiga (CFLI) moliyalashtirish uchun “Atrof-muhit va iqlim oʻzgarishlariga moslashish masalalarini innovatsion yoʻl bilan hal etishni ommaviy axborot vositalari yordamida yoritib borish” loyihasi taqdim etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan eʼlon qilingan oʻzini oʻzi qoplaydigan startap loyihalar tanloviga Markaz tomonidan ishlab chiqilgan “Orol dengizidagi mening bogʻim” agro-ekoturizm yoʻnalishidagi loyiha taqdim qilindi. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun “Moʻynoq” tajriba-ishlab chiqarish uchastkasida 1,8 gektar yer maydoni ajratildi.
Markaz bugungi kunda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda “Qurgʻoqchilik sharoitida biodehqonchilik xalqaro Markazi”ning (ICBA) Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz hududiy vakolatxonasi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Bulardan tashqari, Toshkent Botanika bogʻining Ellikqalʼa filiali, Moʻynoq tumanidagi 7-umumtaʼlim maktabi, “Ekomaktab” ekologik-resurs markazi, Qoraqalpogʻiston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Qoraqalpogʻiston boʻlimi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali va boshqa qator xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro anglashuv boʻyicha 12 memorandum ishlab chiqilgan.
Orolboʻyi hududida ekologik muammolarni bartaraf etish borasida xorijiy davlatlar tashkilotlari olimlari bilan hamkorlik yaxshi yoʻlga qoʻyilmoqda. Jumladan, Yaponiyaning “OYO Corporation” korporatsiyasi vakili Sunao Oboyashi, Qurgʻoqchilik sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazining Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz hududiy vakolatxonasi rahbari, professor Kristina Toderich, Yaponiyaning Kioto universiteti professori Kenji Tanaka va Toxoku universiteti professori Yoshiya Toge bilan saksovulni blok-inkubatorlarda, yopiq ildiz tizimida oʻstirish texnologiyasi va boshqa masalalar boʻyicha tajriba almashildi.
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) mamlakatimizdagi vakolatxonasi, Yashil oʻsish Global instituti vakillari “Moʻynoq” uchastkasiga tashrif buyurib, Orolboʻyi hududida flora va fauna, biologik xilma-xillik, oʻrmonchilikni rivojlantirish boʻyicha hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Shveysariyaning notijorat “LATMA” assotsiatsiyasi vakillarining “Tik oʻzak” ovul fuqarolar yigʻini aholisi bilan uchrashuvi tashkil qilinib, mehmonlar suvni chuchuklantirib beruvchi stansiya qurish niyatini bildirdi.
Joriy yilning 25-may kuni Yaponiyaning “OYO Corporation” korporatsiyasi bilan Orolboʻyi hududini rivojlantirish va choʻl oʻsimliklarini yopiq ildiz tizimida oʻstirish boʻyicha hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi. Unga koʻra har xil choʻl oʻsimliklarini mahalliy xomashyolardan tayyorlanadigan blok-inkubatorlarda oʻstirish innovatsion texnologiyasini joriy etish ishlari, Orol dengizining qurigan tubida blok-inkubatorlarda oʻstirilgan saksovul koʻchatlari ekiladigan maydonlar oʻrganib chiqildi. Eʼtiborlisi, bu boradagi ishlar boshlab yuborildi.
Yaponiyaning Qurgʻoqchil yerlar ilmiy-tadqiqot markazi vakili, Tottori universiteti professori Xaruyuki Fudjimaki tomonidan tomchilatib sugʻorishning yangi innovatsion texnologiyasini Qoraqalpogʻiston sharoitida birgalikda sinab koʻrish, uning natijasida qancha miqdorda suvni tejash va shoʻrlanishni kamaytirishga erishish mumkinligini aniqlash maqsadida “Samanboy” tajriba-ishlab chiqarish uchastkasidan sinov maydonchasi ajratib berildi. Buning uchun tegishli mutaxassislar biriktirildi va sinov ishlari boshlab yuborildi.
Joriy yilning iyun oyida Xitoyning Urumchi shahridagi Markaziy Osiyo hududiy iqtisodiy hamkorlik institutida, Xitoy Fanlar akademiyasi huzuridagi Sin-Szyan ekologiya va geografiya institutida uchrashuvlar tashkil etilib, kelgusida hamkorlik qilish boʻyicha kelishib olindi. Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasida choʻllanishga qarshi ilmiy texnologiyalarni rivojlantirishga bagʻishlangan Xalqaro simpoziumda, Qozogʻiston Respublikasining Olmaota shahrida Germaniyaning taʼlim va ilmiy-tadqiqot boʻyicha Federal vazirligiga qarashli Markaziy Osiyoda innovatsiyalarni rivojlantirish byurosining ochilishiga bagʻishlangan hududiy konferensiyada Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi direktori oʻrinbosari Muratboy Gʻaniyev oʻz maʼruzasi bilan ishtirok etdi. Tadbirlar yakunida unda ishtirok etgan nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari bilan muzokaralar olib bordi. Ular hamkorlik qilish istagini bildirgan.
Markaz tomonidan bugungi kunda qishloq xoʻjaligi sohasiga, shuningdek, ekologiya va turizm yoʻnalishiga innovatsion usullarni tatbiq etish boʻyicha mahalliy hamda xorijiy davlatlar tajribalari har tomonlama oʻrganilmoqda. Amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar hudud ravnaqiga, aholi farovonligiga xizmat qiladi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV olgan suratlar, OʻzA