Poytaxtimizda o‘tayotgan Toshkent moda haftaligi rang-barang ko‘rgazmalar, modalar namoyishi, mahorat saboqlariga boy bo‘lmoqda.
“Osiyo ramzi” O‘zbekiston dizaynerlar va modelyerlar uyushmasi tomonidan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur haftalik liboslar dizayniga qiziquvchi yoshlarning ijodiy salohiyatini to‘laqonli namoyon etishi, professional muhitning shakllanishi, moda industriyasi sohasida xalqaro hamkorlikning rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda.
– Mazkur moda haftaligi juda yuksak saviyada bo‘lib o‘tmoqda, – deydi italiyalik dizayner, Turin moda haftaligi asoschilaridan biri Marina Nekayeva. – Unda professional dizaynerlar bilan birga bu yo‘nalishda o‘z uslubiga ega bo‘lib borayotgan yoshlar ijodi namoyishi uchun ham keng imkoniyatlar yaratilgani e’tiborlidir
– Haftalik doirasidagi namoyishlarda dugonam Shahlo Usmonova bilan beqasam matosidan tayyorlangan kolleksiyani taqdim etdik, – deydi Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti talabasi Saodat Komilova. – Yosh dizaynerlarning ishlari ikki va undan ortiq ijodiy guruhlar asosida taqdim etildi. Bu esa kolleksiyalarning yangi g‘oyalar, fikr va takliflar bilan boyishida muhim ahamiyat kasb etadi. Toshkent moda haftaligi biz kabi yosh dizaynerlar uchun o‘ziga xos mahorat darsi vazifasini o‘tamoqda.
Haftalikning navbatdagi kunida italiyalik dizaynerlar ishtirokidagi mahorat saboqlari, yurtimizning professional modelyerlari ijodiga oid liboslar modellarining mualliflik ko‘riklari bo‘lib o‘tdi.