Yevropa Ittifoqi munosabatlarda shart qoʻymaydi

– Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlariga yordam dasturlarini amalga oshirish uchun qoʻshimcha 72 million yevro ajratadi. – dedi Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari boʻyicha oliy vakili Federika Mogerini Bishkekda “Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo” yangi taraqqiyot dasturini taqdim etish chogʻida.

“Rasmiy Bryussel Markaziy Osiyoni kuchli va barqaror koʻrishni istaydi.” dedi Federika Mogerini xonim 7-iyul kuni Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlarining 15-vazirlar uchrashuvida chiqish qilar ekan, yangi strategiya asosida erishishni koʻzlagan bosh maqsadlar – xavfsizlikni mustahkamlash ekanini maʼlum qildi. YEI savdo-sotiq aloqalarini, shu jumladan, energetika sohasida hamkorlikni kengaytirishdan ham manfaatdor. Federika Mogerini xonimning fikricha, hamkorlikning yangi toʻlqiniga demokratik qadriyatlarning ustuvorligi koʻmak koʻrsatadi: “Faqat mustaqil OAV va fuqarolik jamiyati uchun ochiq makon, kuchli qonun ustuvorligi va yaxshi boshqaruv Markaziy Osiyoning kuchli va jozibadorligini taʼminlaydi”.

YEI ishlab chiqqan yangi strategiya – mohiyatan Germaniya tashabbusi bilan 2007-yilda qabul qilingan va orada YEI tomonidan samarasiz deb tan olingan eski strategiyaning yangilangan varianti. Yangi strategiya Markaziy Osiyodagi dastlabki mintaqaviy muvaffaqiyat hosilasi oʻlaroq koʻrilmoqda. Gap shundaki, Oʻzbekistonning mintaqaviy integratsiya uchun ochilgani, prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan “oʻzgarishlar shamoli” Bryusselni ruhlantirib yubordi. Shuning uchun YEI mintaqaviy integratsiyani qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish uchun vaqt keldi, deb hisoblaydi. Bu omil strategiyada qayd etilgan holatlardan biri. Hamma gap endi mintaqa davlatlarining rivojlanishga oid maqsad va vazifalarini yaqinlashtirishda qolgan. Aslida Yevropa kengashi 17-iyun kuni Yevropa Ittifoqining Markaziy Osië davlatlari bilan qator sohalardagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi strategiyasini qabul qildi. Shu paytgacha Yevropa mintaqamiz davlatlari bilan shunchaki, yeng uchida hamkorlik qilib keldi. Mintaqa davlatlarining tarqoqligi, ular oʻrtasida chegaralarning yopiqligi, davlat rahbarlarining noahilligi YEIni Markaziy Osiyodan sovushiga olib kelgan edi. Aynan prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari, saʼy-harakatlari bilan boshlangan siyosat, iqtisodiyot, inson huquqlari, matbuot erkinligi sohasidagi islohotlar tufayli Markaziy Osiyo va Yevropa munosabatlarini mustahkamlash uchun yoʻl ochildi. YEI Oʻzbekistonning bu intilishlarini yuksak baholamoqda, qadrlamoqda. Chunki bu islohotlar Oʻzbekistonga qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistonni ham yangilanishlar sari ilhomlantirmoqda. Buning uchquni sifatida Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning siyosiy va iqtisodiy islohotlar oʻtkazilishini eʼlon qilinishi, Qirgʻizistonda korrupsiyaga qarshi boshlangan kurash va boshqa islohotlar rejalarini misol tariqasida keltirish mumkin.

YEI mintaqani rivojlantirish masalalarida oʻzini Markaziy Osiyoning yetakchi sherigi deb biladi. 2014-2019-yillar mobaynida YEIning qonun ustuvorligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, suv resurslari, savdo va chegara rejimi sohalaridagi moliyaviy koʻmagi 1 milliard yevrodan oshib ketgani ham nufuzli tashkilotning oʻz soʻzida sobitligini isbotlaydi. Shuning uchun tashkilot Markaziy Osiyoda yordam dasturlarini rivojlantirishga qoʻshimcha 72 million dollar ajratishga qaror qildi. Yevrokomissiya matbuot xizmati xabarida aytilishicha, ushbu summaning 20 millionini Tojikiston yangi GESni qurish uchun oladi, bu loyiha tojik elektr quvvatini Afgʻoniston shimoliga eksport qilishga imkon beradi. Yana 36 million yevro Qirgʻiziston taʼlimini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi, 14 million yevro esa yashil iqtisodiyotga oʻtishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan mintaqaviy dasturni kengaytirish uchun ajratiladi. Qolgan 2 million yevro iqtisodiy huquqlar va ayollar imkoniyatlarini kengaytirishga oid loyihalarga yoʻnaltiriladi. Bu loyiha Oʻzbekiston va Qozogʻiston bilan birgalikda amalga oshiriladi. Loyiha doirasida afgʻon ayollarini oʻz mamlakatlari iqtisodiyotini rivojlantirishga jalb etish uchun oʻqitish koʻzda tutilgan.

Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat mahkamasi komissari Federiko Mogerini xonim aytganidek, uchrashuvning eng asosiy natijalaridan biri Qirgʻiziston bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha kelishuvga erishish yuzasidan tayyorgarlikning bildirilishi hamda Turmanistonda YEI vakolatxonasining ochilishi toʻgʻrisidagi hujjatning imzolanishi boʻldi. Federika Mogerini Markaziy Osiyoga safarini Turkmanistondan boshlagani bejiz emas. U oʻz tashrifi davomida Ashxobodda yangi vakillik ochilishida qatnashdi. Shu paytgacha qolgan toʻrt davlatda Yevropa Ittifoqi delegatsiyalari vakilliklari bor edi. Yevropa Ittifoqi keyingi besh yil ichida Markaziy Osiyo mintaqasi bilan kuchli hamkorlik oʻrnatdi. Barcha besh davlatda toʻliq diplomatik delegatsiyalarga ega boʻlish ishning davomiyligini taʼminlashga koʻmaklashadi. Tashkilot har yili vazirlar uchrashuvlarini oʻtkazmoqda, mintaqada tinmay aylanib yuruvchi maxsus vakillar ham bor. Barcha besh respublika poytaxtida Yevropa Ittifoqining doimiy elchisiga ega boʻlish ijobiy qadamlarni yoki muammolarni kundalik ravishda kuzatib borish imkonini beradi.

Eʼtiborli tomoni shundaki, Bryussel Markaziy Osiyo davlatlariga boshqa davlatlar bilan hamkorligida sharq va gʻarbdan birini tanlash shartini qoʻymaydi. Mogerini xonim taʼkidlaganidek, Markaziy Osiyo turli mamlakatlar bilan hamkorlikda erkin boʻlishi kerak. Shu nuqtai nazardan mamlakatimiz Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Mogerini xonim bilan uchrashuvda “Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha yangi strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish yoʻlida YEI bilan samarali va konstruktiv hamkorlik qilishga qatʼiy sodiq”ligini taʼkidlagan. Ayni paytda Bishkekda xorij OAV muxbirlari savollariga javob bergan Mogerini ham Oʻzbekistonda YEI bilan hamkorlikni yaxshilashga ishtiyoq koʻrganini taʼkidladi:

– Men soʻnggi yillarda Oʻzbekistonga 2-marta safar qildim va bir narsaga shohid boʻldimki, bunga oʻxshash safarlar davomida ushbu mamlakat vatandoshlari bilan uchrashish vaqt nuqtai nazaridan juda cheklangan boʻladi. Lekin men koʻrgan narsa chin maʼnodagi qatʼiyat boʻldi. Tashqi dunyoga ochilish, vaziyatni yaxshilash, mamlakatni isloh qilish hamda Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni kengaytirish va kuchaytirish – bular barchasi menga samimiy boʻlib tuyuldi. Juda yaxshi bilamizki, biz bilan keng qamrovli hamkorlikning asosini ham doim inson huquqi va ochiq jamiyatlar borasida chin maʼnoda qoʻyilayotgan qadamlar tashkil qiladi. Men Oʻzbekistonda boshqa tarafdan, mamlakatni chuqur isloh qilish istagiday oʻzgarishni aniq-tiniq koʻrdim.

Ochigʻini aytganda, hamma buyuk davlatlar ham Oʻzbekiston yoki mintaqaning boshqa davlatlarining kuchli boʻlishini istamaydi. Ammo Mogerini xonim aytganidek, YEI Markaziy Osiyoni “kuchli va barqaror” koʻrishni istaydi. Toʻgʻri, ikki taraflama hamkorlikda yechilishi lozim boʻlgan masalalar bor. Lekin Yevropa Ittifoqining yordami hech qachon mintaqa davlatlarini boʻlishni, ular oʻrtasidagi farqlarni suiisteʼmol qilishni koʻzlamagan. Aksincha, ularni oʻzaro farqlardan oshib oʻtib, birga ishlashlari koʻzlab kelingan. Shunday ekan, YEI taklif qilishi mumkin boʻlgan narsa, odatdagidek, savdo, iqtisodiy sarmoyalar, rivojlanish masalasida hamkorlik. Tashkilot mintaqada koʻplab umumiy boʻlgan loyihalarni moliyalashtirmoqchi. Bundan tashqari, iqtisodiy islohotlarni, oʻzaro hamkorlikni qoʻllash niyatida. Bundan keyin Yevropa Kengashi mintaqaning islohotlarga xohish, istak bildirgan davlatlari bilan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik doirasida ulkan va oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishish niyatida. Buning uchun hamkorlik niyatidagi davlat islohotlar oʻtkazishi va demokratiyani mustahkamlashi, qonun ustuvorligi va sud mustaqilligi tomon ildamlashi, iqtisodiyotini zamonaviylashtirishi va diversifikatsiya qilishi, xususiy sektorni, jumladan, kichik va oʻrta korxonalarni qoʻllab-quvvatlashi shart. Shu bilan birga Kengash Markaziy Osiyoning Yevroosiyo aloqalarini ilgari surishdagi global saʼy-harakatlardagi strategik rolini tan olgan holda, Afgʻonistonda tinchlikni qaror toptirishda mintaqa va Yevropa hamkorligini faollashtirishni muhim deb biladi. Evropa tomoni Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi, jumladan, tinchlik jarayoni boʻyicha global va mintaqaviy konsensusni ishlab chiqish, afgʻon transport va savdo yoʻllarini joriy etish tashabbusi, afgʻon ayollari uchun taʼlim dasturini ishlab chiqish kabi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatladi. Shubhasiz, Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarda individual bitimni imzolash muhim oʻrin tutadi. Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi munosabatlar hozirga qadar 1999-yil 1-iyuldan amalga kirgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim asosida tartibga solinadi. Mazkur bitim siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy aloqalar, sarmoya, intellektual mulkni himoya qilish, qonunchilik hamda inson huquqlari boʻyicha hamkorlik, madaniy-gumanitar kelishuvlar kabi jabhalarni qamrab oladi. Aslida 2017-yilda Oʻzbekiston rahbariyati Bryusselga sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni yangilash taklifi bilan murojaat qilgan. 2018-yil 16-iyulda rasmiy Bryussel yangi bitim borasida muzokaralarni boshlash haqida qaror qabul qilgan. Yangi bitim boʻyicha muzokaralarning boshlanishi YEIning Oʻzbekiston bilan hamkorlikka alohida eʼtibor qaratayotgani hamda mamlakatda turli sohalarda, shu jumladan, inson huquqlari jabhasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholayotganidan dalolat beradi. Yangi bitim qariyb 20 yildan beri amalda boʻlgan hujjat oʻrnini bosadi. Yangilanadigan kelishuvda siyosiy hamkorlik, savdo va sarmoya, oʻzaro barqaror munosabatlar, shuningdek, inson huquqlari va boshqaruvga alohida eʼtibor qaratilishi kutilmoqda.

2019-yilda Bryusselda boʻlib oʻtadigan yuqori darajadagi Oʻzbekiston-Yevropa uchrashuvi, Oʻzbekiston rahbarining joriy yilda Belgiyaga amalga oshirishi kutilayotgan rasmiy tashrifi misli koʻrilmagan aloqalarga yoʻl ochishi, shubhasiz. Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlar bizga yana nima uchun kerak? Albatta, YEI bilan yaqindan hamkorlik Markaziy Osiyo davlatlariga jahon siyosiy va iqtisodiy tizimiga yanada jadal integratsiyalashish imkoniyatini ochib beradi. Shu nuqtai nazardan ham Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqini xalqaro sahnadagi muhim hamkorlardan biri deb biladi.

Bir narsani yoddan chiqarmaslik kerak, yevrodeputatlar Oʻzbekistonda inson huquqlarini muhofaza etish, gender tengligini taʼminlash va matbuot erkinligi yoʻlida koʻproq qadamlar tashlanishini istaydilar. Yevroparlament Oʻzbekiston hukumatiga tavsiya etgan hisobot shu yil 26-mart kuni Yevrodeputatlar tomonidan maʼqullangan. Bu hisobotda Yevropa qonun chiqaruvchilari Ittifoq rahbariyatini Oʻzbekistondagi islohotlarni diqqat bilan kuzatib borishga chaqiradi. Yevrodeputatlar Oʻzbekistondagi sud tizimining chindan ham mustaqilligiga olib keladigan siyosiy va demokratik islohotlar toʻla ijro etilishi ustidan monitoring olib borishni maslahat bergan edi. Shuningdek, Yevroparlament hisobotida chin raqobatga asoslangan saylov natijasida Oʻzbekistonda haqiqiy mustaqil parlamentni barpo etish lozimligi urgʻulangan. Yevropa Parlamenti Oʻzbekistonda siyosiy tutqunlar ozodlikka chiqarilganini olqishlaganligi hammamizga maʼlum.

Biz Yevropa Ittifoqi va unga aʼzo mamlakatlarning Markaziy Osiyo boʻyicha oʻtgan yillardagi tashqi siyosatiga eʼtibor beradigan boʻlsak, mintaqada ularning eʼtibori asosan Qozogʻistonga qaratilganini koʻrishimiz mumkin. Chunki, ushbu mamlakat mintaqaning boshqa davlatlariga qaraganda koʻproq ochiqlik kasb etgan boʻlgan. Oʻzbekistonda boshlangan siyosiy, iqtisodiy oʻzgarishlar va bu jarayonning tez surʼatda davom etayotgani mamlakatni jahonga tobora ochib bormoqda. Endilikda, Oʻzbekiston ayni shu jihati bilan ham Yevropa Ittifoqi eʼtiborini oʻziga koʻproq jalb qilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osië davlatlari bilan qator sohalardagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi strategiyasi mintaqalararo hamkorlikni chuqurlashtirish uchun yangi “Yoʻl xaritasi” vazifasini oʻtaydi.

 

Abduvali SAYBNAZAROV, OʻzA