Hukumat parlament soʻroviga qanday javob berdi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy hayotiga doir bir qator qonun loyihalarini muhokama qildilar.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston – madaniy meros obyektlariga, tarixiy qiymati yuqori inshootlar va manzilgohlarga boy mamlakat. Necha ming yillik oʻtmishimizni oʻzida mujassam etgan osori-atiqalarni avaylab-asrash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biriga aylanmoqda.
Majlis kun tartibiga kiritilgan masalalardan biri ham bevosita ana shunga bogʻliq boʻldi. Yaʼni, deputatlar moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, tarixiy-madaniy qiymatiga koʻra Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan joylarda, ularning qoʻriqlanadigan hududlarida moddiy madaniy meros obyekti hisoblanmagan bino, inshoot va boshqa obyektlarni ruxsatnoma olmasdan qurish yoki buzish boʻyicha javobgarlikni kuchaytirishni koʻzda tutuvchi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda muhokama qildilar.
Loyiha moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish hamda davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish boʻyicha javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutadi.
Shu bilan birga, mazkur qonun loyihasi moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni koʻzlab qilingan daʼvolar hamda berilgan arizalar yuzasidan Umumiy yurisdiksiya va iqtisodiy sudlarda davlat bojini toʻlashdan ozod qilish hamda bu boradagi qonun hujjatlarini buzishga oid maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha Madaniy meros departamenti, uning hududiy boshqarmalari mansabdor shaxslari tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish hamda qonunda belgilangan tartibda sudga yuborish taklif qilinmoqda.
Deputatlarning qayd etishicha, ushbu loyihaning qabul qilinishi Oʻzbekistonning sayyohlik sohasidagi muhim rol oʻynovchi moddiy madaniy meros obyektlari, tarixiy shaharlar va manzilgohlarini ishonchli muhofaza qilishni kuchaytiradi.
Shuningdek, majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining “Barkamol avlod” bolalar markazlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi hamda “Umumtaʼlim maktablarida tibbiy xizmat koʻrsatish holatini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi parlament soʻrovlariga Bosh vazir oʻrinbosari A.Abduhakimovning javobi haqidagi masalalar ham koʻrib chiqildi.
Taʼkidlash joizki, mazkur parlament soʻrovlarida yosh avlod tarbiyasi, salomatligini saqlash yuzasidan dolzarb masalalar koʻtarilgan edi. Xususan, “Barkamol avlod” bolalar markazlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish bilan bogʻliq qator muammo va kamchiliklar mavjudligi qayd etilgan holda, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha samarali tizim yaratish, zamonaviy innovatsion toʻgaraklarni barpo etish, pedagog xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, markazlarning taʼmirtalab binolarini taʼmirlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yuridik maqomini yanada kuchaytirish masalalariga Hukumat eʼtibori qaratilgan.
Mazkur parlament soʻroviga Bosh vazir oʻrinbosari tomonidan berilgan javobda ayni paytda markazlarni jihozlash meʼyorlari ishlab chiqilayotgani, shuningdek, ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, zamon talablari asosida yangi innovatsion toʻgaraklar tashkil etish, pedagogik xodimlar oylik ish haqini bosqichma-bosqich oshirish, markazlar negizida ijodkor bolalar maktablarini tashkil qilish ishlarini tizimli yoʻlga qoʻyish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabdan tashqari taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilgani va tegishli muhokamalardan oʻtkazilayotgani maʼlum qilingan.
Qayd etish joizki, taʼlim muassasalarida tibbiyot xodimlari faoliyatining samarali tashkil etilishi voyaga yetmaganlar oʻrtasida kasalliklarni erta aniqlash, profilaktika qilishda oʻta muhim ahamiyatga ega.
Shundan kelib chiqib, ikkinchi parlament soʻrovida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan joylarga chiqqan holda oʻtkazilgan oʻrganishlar mobaynida umumtaʼlim maktablarida tibbiy xizmat koʻrsatish talab darajasida tashkil etilmayotgani qayd etilgan edi. Xususan, taʼlim muassasalariga xizmat koʻrsatadigan shifokor va oʻrta tibbiyot xodimi, yaʼni maktab hamshirasi shtati tasdiqlangan normativlarga nisbatan kam ajratilgani yoki ayrim umumtaʼlim muassasalarida umuman shtat birliklari ajratilmagani holatlari mavjud. Shuningdek, tasdiqlangan shtat normativlarda umumtaʼlim maktablariga xizmat koʻrsatadigan vrach lavozimlari turlari, tibbiy xodimlar uchun shtat birliklari qishloq tumanlaridagi maktablar va shahardagi maktablar uchun turlicha miqdorlarda belgilangani koʻrsatib oʻtilgan edi.
Bosh vazir oʻrinbosari yoʻllagan javobda umumtaʼlim maktablarida shifokor pediatr va hamshira shtatlari ajratilishida mavjud nomutanosibliklar, ayrim maktablarda umuman ajratilmagani holatlarini bartaraf etish maqsadida amalda boʻlgan vaqtinchalik shtat birliklari meʼyorlari, umumtaʼlim maktablarida malakali tibbiy xizmat koʻrsatish va yagona yondashuvni joriy qilish nuqtai nazaridan qayta koʻrib chiqilayotgani maʼlum qilingan. Ushbu masala Davlat byudjeti parametrlarida sogʻliqni saqlash tizimiga ajratilgan mablagʻlar doirasida koʻrib chiqilib, hal etilishi taʼkidlangan.
Deputatlar mamlakatimizda yosh avlod taʼlim-tarbiyasi, salomatligini saqlashga doir muhim masala yuzasidan koʻtarilgan ushbu parlament soʻrovlariga Hukumat alohida eʼtibor qaratgani, bu borada zarur amaliy choralarni koʻrishga kirishganini ijobiy baholadilar.
Majlisda parlament quyi palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

 

O’zA