Hozirgi zamonda elektr energiyasisiz kundalik turmushimizni, yurtimiz iqtisodiy rivojlanishini tasavvur qilish qiyin. Biz uchun juda kerakli boʻlgan maishiy texnikalar ham, issiq-sovuqda huzurijon konditsioneru muzlatgich ham elektr energiya bilan ishlashi hammamizga kundek ravshan. Bugun shiddat bilan rivojlanayotgan davrni internetsiz, televizor-u, qoʻl telefonlarsiz tasavvur qilish mumkinmi? Albatta, yuq. Shu bois ham, bugun mamlakatimizda aholini sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Ana shu maqsadda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Ulugʻbek Mustafoyev boshchiligidagi ishchi guruh yurtimizning eng olis hududlari boʻlib, joylarda elektr taʼminoti korxonalari tomonidan olib borilayotgan ishlarni oʻrganib, tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasining qator tumanlarida boʻldi.
Hududda jami 349 ming 932 ta isteʼmolchi boʻlib, shundan 14 ming 173 ta ulgurji va 335 ming 759 ta aholi isteʼmolchilarini tashkil qiladi. Tabiiyki, elektr energiyasini aholiga uzluksiz va sifatli yetkazib berish uchun elektr tarmoqlarini tizimli ravishda yangilash va rekonstruksiya qilib borish kerak boʻladi.
— Prezidentimizning 2016-yil 23-noyabrdagi “2017 – 2021-yillarda “Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya va yangi qurish dasturi toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra bu borada aniq vazifalar belgilab olingan,— deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Ulugʻbek Mustafoyev. — Shu asosda Qoraqalpogʻistonda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda. Ayni paytda 339,9 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 173 dan ziyod transformator punktlarini modernizatsiyalash va almashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Natijada, 72 ta mahallada yashovchi 1,2 milliondan ortiq isteʼmolchilarning elektr taʼminoti yaxshilanib, uzatish va taqsimlashda yuqotiladigan energiya 38,2 million kVt/soatgacha qisqaradi. Eng muhimi, avariyaviy oʻchishlarning oldi olinadi.
Shunisi eʼtiborliki, Qoraqalpogʻistonning koʻpgina tuman hokimliklari ham mahalliy byudjetlaridan aholiga elektr energiyasini barqaror yetkazish borasida oʻz hissalarini qoʻshishmoqda. Xususan, Amudaryo tumani hokimligi tomonidan 10 ta, Qoʻngʻirod tumanida 1 ta, Moʻynoq tumanida 3 ta,Taxtakoʻpir tumanida 2 ta va Shumanay tumani 4 ta transformatorlarni olib berilishi hududda elektr energetikasining rivoji uchun munosib hissa boʻlib xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, yana bir yirik loyiha – joriy yilning avgust oyidan Nukus shahrining 65 mingdan ziyod va Moʻynoq tumaniga 5200 ga yaqin aholi isteʼmolchilarga elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish ishlari boshlanadi.
Reklama huquqi asosida
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati
OʻzA