Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-iyul kuni geologiya sohasini yanada rivojlantirish, geologik qidiruv va qazib olishni kengaytirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Mamlakatimizda sanoatlashtirish mumkin boʻlgan 73 turdagi foydali qazilma zaxirasiga ega 2 mingdan ziyod kon bor. Shundan 437 tasi oʻzlashtirilmagan. Yangi istiqbolli konlarni oʻrganish yetarli darajada emas. Qidiruv ishlariga jalb qilinayotgan texnikalarning 70 foizi eskirgan.
Sohaga investitsiyalar jalb qilib, qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish ishlari ham sustligi qayd etildi. Bugungi kunda 111 ta istiqbolli konning atigi 14 tasida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokida 39 million dollarlik 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda, xolos.
Yigʻilishda geologorazvedka va qazib olish ishlari uchun belgilangan soliq stavkalarini optimallashtirish, byudjet mablagʻlari samaradorligini oshirish, tarmoqqa xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Geologiya-qidiruv ishlarini moliyalashtirish tizimini isloh qilish, xorijiy ekspertlarni jalb etib, eng ilgʻor tajribalarni amaliyotga joriy qilish zarurligi taʼkidlandi. 2020-2021-yillarga moʻljallangan mutlaqo yangi formatdagi qidiruv ishlari dasturini shakllantirish, sohaning moddiy-texnik bazasini yangilash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Mineral xomashyo bazasini xalqaro standartlar asosida baholash, jumladan, konlar zaxiralarini JORC kodeksi talablari asosida hisoblash va maʼlumotlar ochiqligini taʼminlash muhimligi qayd etildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga yangi investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish hamda ularni oʻz veb-saytlariga joylashtirish, xorijda biznes tadbirlar va roud-shoular tashkillashtirish orqali salohiyatli investorlarni jalb qilish vazifasi qoʻyildi.
Volfram, grafit kabi talab yuqori xomashyolar boʻyicha investitsiya jalb qilib, kamida 20 ta loyihani amalga oshirish yuzasidan topshiriq berildi.
Sohadagi bugungi holat va yigʻilishda qoʻyilgan vazifalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.
OʻzA