Yoshlarning orzu-intilishlarini, ilgʻor gʻoya va tashabbuslarini roʻyobga chiqarish yuksak bosqichga koʻtarilmoqda

Poytaxtimizdagi “Humo arena” sport saroyida 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, turli sohalarda ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritib, yurtimiz shuhratini dunyoga tanitayotgan, har jabhada faol yoshlar qatnashdi.
1.JPG
Prezidentimizning Oʻzbekiston yoshlariga yoʻllagan bayram tabrigini Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva oʻqib eshittirdi.
6-faqat saytga.JPG
Tabrikda yoshlarning orzu-intilishlari, ilgʻor gʻoya va tashabbuslarini roʻyobga chiqarish maqsadida boshlangan ishlar nafaqat izchil davom ettirilishi, balki yangi, yanada yuksak bosqichga koʻtarilishi alohida taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari – Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev davlatimiz rahbarining gʻamxoʻrligi tufayli bugungi yoshlar zamonaviy bilim va taraqqiyot choʻqqilarini egallab, innovatsion tashabbuslari, gʻayrat-shijoati, erishayotgan yutuqlari bilan Vatanga munosib, sadoqatli farzandlar boʻlib yetishayotganini qayd etdi.
4-faqat saytga.JPG
amlakatimiz yoshlarini qoʻllab-quvvatlash, maʼnan yetuk, jismonan sogʻlom, intellektual rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan yosh avlodni tarbiyalash boʻyicha yagona tizimni yaratish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2017-yil 30-iyun kuni Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi qayta tashkil etilgan edi.
Oʻtgan vaqt davomida bu yangi tuzilma mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirishga xizmat qilib, yigit-qizlarning tayanchiga aylanib ulgurdi.
Bunda, albatta, tizimga doir qabul qilingan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar muhim omil boʻlmoqda. Aytish joizki, keyingi ikki yilda qabul qilingan 3 ta qonun, Prezident farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlari asosida Bosh vazir, hududlarda esa hokimlar raisligida Yoshlar masalalari boʻyicha idoralararo kengashlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya va “Yoshlar klubi” ish boshladi.
Yoshlar ittifoqi aʼzolari 7 million 680 mingdan, “Kamalak” bolalar tashkiloti aʼzolari esa 3 million 600 mingdan ortdi.
Oʻtgan davr davomida tashkilot tomonidan yoshlar manfaatlarini himoya qilish, huquqiy ongini oshirish, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish, bandligini taʼminlash, yigit-qizlarni yuqori lavozimlarga tayinlash, yosh oilalarni moddiy qoʻllab-quvvatlash, yoshlarning qobiliyatlarini roʻyobga chiqarish, imkoniyati cheklanganlarga koʻmak berish borasida samarali loyihalar tashkil etildi.
Yoshlar ittifoqi qoshida turli yoʻnalishlarda 26 tashkilot tuzilib, samarali faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Respublika yosh ijodkorlar, yosh olimlar, yosh fermerlar kengashlari, Yoshlarga ijtimoiy-psixologik xizmat koʻrsatish, Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazlari, “Yoshlar” nashriyot uyi kabi tashkilotlar bugungi kunda yigit-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Mamlakatimizda olib borilayotgan xalq bilan muloqot doirasida “Yoshlar qabulxonalari” tashkil etilib, oʻtgan vaqt mobaynida 16,5 mingga yaqin murojaat yuzasidan koʻplab muammolar hal qilindi.
Yigit-qizlarning biznes loyihalari uchun “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi tomonidan bugungi kunga qadar 692 milliard 400 million soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratilib, 25 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi, respublikamiz boʻyicha 125 ta “Yoshlar mehnat guzari”, 19 ta “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi foydalanishga topshirildi.
Yoshlar ittifoqining faol aʼzolarini imtiyozli asosda oliy oʻquv yurtlariga qabul qilish va shunday talabalarga shartnoma pulining 35 foizini, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga 50 foizini toʻlab berish, yosh oilalarga uy olish uchun 20 yillik muddatga imtiyozli kredit berish tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Tizimda faoliyat yuritayotgan 242 xodimga imtiyozli kredit asosida avtomobillar berildi.
Yoshlar bandligini taʼminlashning ilgʻor tajribasi sifatida 190 kasb-hunar kolleji negizida “Yoshlar markazlari” tashkil etilib, 26 yoʻnalishda til va kasb-hunarga oʻrgatish boʻyicha bepul toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bugungi kunda mazkur toʻgaraklarda 80 mingga yaqin yigit-qiz bilimini mustahkamlab, kasb-hunar egallamoqda. Ushbu toʻgarak aʼzolari orasida boquvchisini yoʻqotgan, uyushmagan, IIB idoralarida roʻyxatda turuvchi, imkoniyati cheklangan, kam taʼminlangan oila farzandlari va boshqalar bor. Shuningdek, chet davlatlarga ishlash uchun borish istagida boʻlgan yoshlar uchun rus tili, ingliz tili va xorijiy davlatlarning mehnat qonunchiligi boʻyicha 209 bepul toʻgarak tashkil etilgan.
Tuzilma yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni keskin kamaytirish, ularning huquqiy bilimlarini mustahkamlash maqsadida “Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar” prinsipi asosida faoliyat yuritib kelmoqda. 2019-yil may oyi holatiga koʻra, hamkorlikda amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar natijasida sogʻlom turmush tarziga qaytganligi uchun 6 ming 383 voyaga yetmagan va 2 ming 944 ota-ona ichki ishlar idoralari profilaktik hisobidan chiqarildi.
Joriy yilning oʻtgan davrida yoshlar jinoyatchiligi 2018-yilga nisbatan 37 foizga kamaygani, adashib xato yoʻlga kirgan, oʻz qilmishidan chin dildan pushaymon boʻlgan 599 nafar shaxs Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida sud zalidan ozod qilinib, ularga yengil jazo turi tayinlangani jamiyatimizda kechirimlilik, mehr-oqibat va oʻzaro ishonch muhitini kuchaytirish yoʻlidagi yangi qadamdir.
Bundan tashqari, oʻtgan ikki yil davomida yoshlarning huquqlarini himoya qilish, ularni qiynayotgan muammolarini hal etish maqsadida “Hokim va yoshlar”, “Prokuror va yoshlar”, “Sud va yoshlar”, “Deputat va yoshlar” mavzularida ochiq muloqotlar oʻtkazilib, yigit-qizlarning muammolari ijobiy hal etildi.
Yosh avlodning sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun yaratilgan sharoitlar ham bugun oʻzining amaliy natijasini bermoqda. Buning tasdigʻini yosh sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashib, 520 oltin, 544 kumush, 588 bronza medaliga sazovor boʻlganida ham koʻrish mumkin.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning mazmuni va ahamiyatini yoshlarimiz chuqur tushunib, uni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi hisobidan 10 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, “Yoshlar kutubxonasi” rukni ostida 47 nomdagi jami 470 ming dona badiiy kitob nashr etildi va respublikadagi barcha maktablar, tashkilotning mahalliy kengashlariga bepul tarqatildi.
Yoshlarda kitobxonlik koʻnikmalarini shakllantirish, ularda kitobga boʻlgan mehrni uygʻotish maqsadida 2 marotaba “Yosh kitobxon” respublika tanlovi oʻtkazildi. Tanlov gʻoliblariga jami 5 dona Prezident sovgʻasi – “Spark” avtomashinasi topshirildi.
2019-yilgi mavsumda 1 million 210 mingdan ziyod yigit-qizning tanlovda ishtirok etish uchun murojaat qilgani kitobxonlikka boʻlgan qiziqish tobora ortib borayotganidan dalolat. Bundan tashqari, mamlakatimizning olis hududlarida ham yoshlar kitobxonligini keng targʻib qilish maqsadida “Koʻchma kutubxonalar” (Bibliobus) faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tashkil etildi.
10 (2).JPG
Institutning tashkil etilishi mamlakatda yoshlar muammolarini oʻrganish, mazkur yoʻnalishda tahliliy va ilmiy-amaliy tadqiqotlar oʻtkazish, istiqbolli yosh kadrlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirishga qaratilgan yagona tizim yaratilishiga olib keldi.
Institutda 2017-2019-yillarda 4 oylik qayta tayyorlash kurslari orqali koʻplab yoshlarning malakasi oshirildi. Eʼtiborlisi, bitiruvchilar vazirlik, idora, tashkilotlar va mahalliy hokimliklarning yuqori lavozimlarida ishlab kelmoqda. Hozirgi kunda institutda 55 nafar yigit-qiz tahsil olmoqda. Bundan tashqari, institutda taʼlim muassasalaridagi, harbiy qismlardagi boshlangʻich tashkilot yetakchilari hamda vazirlik, tashkilot va idoralardagi yetakchilar kengashi raislari uchun 1 oylik malaka oshirish oʻquv kurslari tashkil etilgan.
Tuzilma xalqaro maydonda ham oʻz oʻrniga ega boʻlmoqda. Oʻtgan yili Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi amalga oshirildi va bir qator natijalarga erishildi. Xususan, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) Yoshlar kengashining navbatdagi yigʻilishida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi SHHT Yoshlar kengashiga teng huquqli aʼzo sifatida qabul qilindi.
Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, turli sohalarda samarali faoliyat yuritayotgan, yuqori natijalarga erishib, tengdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan yigit-qizlarni ragʻbatlantirish maqsadida “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti va “Kelajak bunyodkori” medali taʼsis etildi.
Oʻtgan yili vatanparvar, fidoyi yuzlab yoshlar “Doʻstlik” ordeni va “Shuhrat”, “Kelajak bunyodkori” medallari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti bilan taqdirlandi. Ilk bor 2018-yilda 28 nafar yigit yangi taʼsis etilgan “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotiga sazovor boʻlgan edi. Bugun ular safiga yana shuncha mard oʻgʻlon qoʻshildi.
– Bu mukofot Prezidentimizning, davlatimizning bizga bildirgan katta ishonchidir, – dedi OʻzRFA Matematika instituti tayanch doktoranti Shomurod Shopoʻlatov. – Albatta, Vatan taraqqiyotiga xizmat qilishdek burchimizni sharaf bilan ado etishda shunday yuksak eʼtibor bizga kuch-quvvat baxsh etadi, yangi marralar sari undaydi, ilhomlantiradi.
9 (1).JPG
Tadbirda taniqli sanʼat ustalari, yosh xonandalar ijrosida konsert dasturi namoyish etildi.

 

Xurshid QODIROV, OʻzA muxbiri, Muhammad AMIN olgan suratlar.