Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi eng zamonaviy, mamlakatimiz uchun bazaviy boʻladi

Yashnobod tumanida Janubiy Koreyaning Iqtisodiy rivojlantirish va hamkorlik fondi bilan birgalikda barpo etilayotgan ushbu markaz 4 qavatli 4 ta blokdan iborat boʻladi. Unga 42 million dollarlikdan ziyod eng zamonaviy uskunalar oʻrnatiladi. Bu bolalar kasalliklariga 100 foiz diagnostika qoʻyish va davolash imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari mazkur tibbiyot markazi qurilishini borib koʻrdi.
– Diagnostika toʻgʻri boʻlmagani, shifokorlar malakasi yetishmagani tufayli bemor bolalar, ularning ota-onalari koʻp qiynalardi, ogʻirroq kasal boʻlsa, sogʻligi nuqsonli boʻlib ham qolardi. Bu markazning eng muhim tomoni shundaki, u mamlakatimizdagi hamma muassasalar uchun bazaviy boʻladi. Telemeditsina orqali uzoq hududlarimizdagi bolalarga ham yordam koʻrsatiladi, – dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev kadrlar tayyorlash masalasiga katta eʼtibor berish kerakligini taʼkidladi. Bu borada ham Janubiy Koreya bilan hamkorlik qilinmoqda. Pusan universitetida 19 nafar shifokor malaka oshirib keldi. Yana koʻplab shifokor, hamshira va axborot texnologiyalari boʻyicha mutaxassislar malaka oshirishga yuboriladi.
Ushbu muassasa yonida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda kattalar uchun ham koʻp tarmoqli tibbiyot markazini qurish rejalashtirilgan. 300 oʻringa moʻljallangan bu shifoxonada kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, endovaskulyar xirurgiya, angionevrologiya va ortopediya boʻlimlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bu yerda yiliga 8 mingdan ortiq yuqori texnologik operatsiyalarni oʻtkazish imkoniyati yaratiladi.
1.jpg
2.jpg
3.jpg

 

OʻzA