Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan “Xalqaro payvandchi ustalar» tanlovida mamlakatimiz vakillari 1 oltin, 3 kumush va 1 bronza medalni qo‘lga kiritdiTanlovda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar bilan bir qatorda Kambodja, Eron, Afg‘oniston kabi 10 dan ortiq davlatdan 50 nafardan ziyod payvandchi ustalar qatnashdi. Tanlov jarayonida payvandlash sohasini mukammal egallagan mohir ustalarning argon payvandlash, yarim avtomat payvandlash va yoyli payvandlash turlari bo‘yicha bilim va tajribasi sinovdan o‘tkazildi. Barcha turlar bo‘yicha o‘zlarining yuksak darajadagi bilim va mahoratini namoyon etgan yurtimiz payvandchilarining ishlari hay’at a’zolari tomonidan yuqori baholandi.

“Trusk line Tashkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati xodimi Rashid Eshqulov oltin medalni qo‘lga kiritdi. “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati korxonasi payvandchisi Artyom Olxovikov, “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyati ishchisi Vadim Xayrov, “12 trest” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishchisi Shomuhiddin Shoislomov kumush, “O‘zChaSis” qo‘shma korxonasi payvandchisi Dilmurod Mirzaahmedov bronza medal sohibi bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston payvandchilari jamoasi “Eng yaxshi tashkil etilgan jamoa” nominatsiyasida g‘olib deb topilib, maxsus kubok bilan taqdirlandi.

Tanlov doirasida ishtirokchilar Xitoy neft quvurlari zavodi, Texnik xizmat ko‘rsatish laboratoriyasi, Xitoy quvur muzeyi, Dizayn akademiyasi kabi yirik korxona va tashkilotlarda bo‘lib, tajriba almashdi.

– Mamlakatimizda soha mutaxassislariga munosib mehnat sharoitlari yaratilmoqda, – deydi tanlov g‘olibi Rashid Eshqulov. – Biz, yoshlar ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanib, yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga hissa qo‘shishni maqsad qilganmiz. Bu kabi tanlovlar esa kasb mahoratimizni yanada oshirishga xizmat qilib, sohaning yetuk mutaxassislari bilan o‘zaro tajriba almashish imkonini beradi.

 

Go‘zal Sattorova, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA