Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari dastlab “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazining qurilish maydoniga tashrif buyurdi.
Ushbu zamonaviy biznes markazi sakkizta lotga ajratilgan holda barpo etilmoqda. Shu paytgacha 7 million kub metr tuproq ishlari bajarilib, 50 dan ziyod binoga mustahkam poydevor oʻrnatildi. Bugungi kunda beton karkaslar va devorlar qurilib, muhandislik tarmoqlari tortilmoqda.
Kongress-xoll va “Hilton” mehmonxonasi qurilayotgan 5-lot eng ilgʻor maydonlardan biri. Ushbu binolarda temir-beton, metall konstruksiya va tom yopish ishlari yakunlanib, qurilish hajmining 80 foizdan ziyodi bitgan. Hozir elektr tarmoqlarini montaj qilish, ichki pardozlash va mexanika ishlari bajarilmoqda.
Davlatimiz rahbariga avvalgi tashrif chogʻidagi koʻrsatmalarning ijrosi haqida maʼlumot berildi. Jumladan, Kongress-xollda barcha formatdagi xalqaro tadbirlar tashkil etish uchun zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda. Bu yerda yirik sammitlar, nufuzli anjumanlarni yuqori saviyada oʻtkazish imkoniyati paydo boʻladi. Xorijiy delegatsiyalar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, xizmat koʻrsatuvchilar uchun zarur qulayliklar yaratiladi.
Prezident Kongress-xollga tutash qurilgan 21 qavatli besh yulduzli “Hilton” mehmonxonasini kirib koʻrdi. Mahalliy va xorijiy investorlar bilan suhbatlashdi.
“Tashkent City” shaharsozlik va turizm yoʻnalishida eng yaxshi tajribani oʻzida mujassam etadi. Xususan, uning markazida barpo etilayotgan 60 metrli musiqali favvoraga ega bogʻ yana bir turizm obyekti boʻladi. Landshaft dizayni asosida quriladigan bogʻda sunʼiy koʻl, gullar parki boʻlib, majmua manzarasiga boshqacha koʻrk baxsh etadi.
Davlatimiz rahbari Kongress-xoll va mehmonxonada yuqori darajada xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish yuzasidan qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi.
Prezidentimiz Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi bilan tanishdi.
Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yil iyun oyida bu yerga ramziy tamal toshi qoʻygan, dekabr oyida yana bir bor tashrif buyurib, yurtimiz tarixini davrlar boʻyicha, har bir asr va allomaga oid manbalar, ashyolar asosida namoyish etish, qurilishni takomillashtirishga doir tavsiyalar bergan edi.
Oʻtgan vaqt mobaynida bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari olib borildi. Imoratning asosiy qismi qurildi, ayni paytda tomining metall konstruksiyalarini montaj qilish va beton toʻshama ishlari bajarilmoqda.
Uch qavatli markaz loyihasi sharqona uslubda ishlangan boʻlib, undan anjumanlar va koʻrgazma zallari, qadimiy qoʻlyozma va osori-atiqalarni taʼmirlash boʻlimlari, tarixiy manba va ashyolarni saqlash xonalari, kutubxona oʻrin oladi. Binoning simmetrik markazida Usmon Qurʼoni zali joylashadi. Axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar va boshqa xonalar eng yuqori qavatda boʻladi.
Bugungi kunda fasad va zallarni badiiy bezashga, keramika ishlariga hozirlik koʻrilmoqda. Fransiyalik mutaxassislar bilan hududning landshaft dizaynini barpo etish boʻyicha loyiha tayyorlanmoqda.
Prezidentimiz qurilishni koʻzdan kechirdi, binoning ichki va tashqi koʻrinishi, gumbaz ranglari uchun tanlangan namunalar bilan tanishdi. Ushbu markaz islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk allomalarimiz merosini oʻrganadigan, dinimizning asl mohiyatini xalqimizga yetkazadigan ilmiy-maʼrifiy maskan boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.
Yurtimizdagi ikkita oliy va yettita oʻrta maxsus diniy bilim yurti bu yerda “qaynashi“ kerak, ularga ham joy berish zarur. Chunki ilm shu yerda boyitiladi, talabalar olgan bilimini markazdagi buyuk ajdodlarimiz merosiga oid qimmatli dalillar bilan mustahkamlaydi, dedi davlatimiz rahbari.
Allomalarimizning buyuk merosini yosh avlod qalbiga singdirish uchun zallarga ularning haykallari, ilmiy kashfiyotlari, qoʻlyozmalari, oʻsha davrga oid tarixiy ashyolarni oʻrnatish boʻyicha tavsiyalar berildi. Bu jamiyatda “Jaholatga qarshi – maʼrifat” tamoyilini kuchaytiri
shda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu markaz orqali xalqimizning ilm-maʼrifat, madaniyat rivojiga qoʻshgan hissasini muhrlab qoʻymoqchimiz, shunday ulugʻ merosni xalqimizga, yoshlarimizga yetkazmoqchimiz. Islom sivilizatsiyasi markazi mana shunday ilmiy muassasalar uchun fundamental baza boʻlishi lozim. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasidagi oʻquv ishlari bu markaz bilan hamohang boʻlishi, talabalar yuqori kurslarni shu yerda oʻqib, oʻqituvchilar malaka oshirishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi oldida adib muzeyi va uning nomida maktab barpo etish loyihasi muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari ushbu maktabda ardoqli yozuvchimiz dahosiga xos muhit boʻlishi, unda taʼlim olgan bolalar milliy adabiyotimizga oʻzgacha mehr bilan kamol topishi zarurligini taʼkidladi. Mutasaddilarga loyihani takomillashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Prezidentimiz joriy yil 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida kelasi yil Gʻalabaning 75 yilligi bayrami oldidan Toshkent shahrining eng koʻrkam maskanlaridan birida ushbu shonli sanaga bagʻishlab Gʻalaba bogʻi barpo etilishini taʼkidlagan edi.
Ayni paytda poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 11,6 gektar maydonda ushbu bogʻni bunyod etish rejalashtirilmoqda. Davlatimiz rahbari uning loyihasi va qurilish konsepsiyasi bilan tanishdi.
Gʻalaba bogʻini barpo etishdan maqsad yoshlarda tariximizdan gʻururlanish tuygʻusini kuchaytirish, Ikkinchi jahon urushida jasorat koʻrsatgan qahramonlarimiz nomini abadiylashtirishdan iborat.
Bu bogʻ xalqimizning buyuk gʻalabaga qoʻshgan hissasini namoyon etishi, ota-bobolarimizning qahramonligini boqiylashtirishi kerak. Bu yerda Ikkinchi jahon urushi muhiti, vatandoshlarimiz qatnashgan janglar haqida maʼlumotlar aks etishi zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bogʻning kirish qismida Gʻalaba arkasi oʻrnatilishi koʻzda tutilgan. General Sobir Rahimov haykali oldida yengil konstruksiyali amfiteatr va katta sahna quriladi.
Bogʻda urush davri manzaralari, jumladan, okop va blindajlar, chodirlar, dala oshxonalari va boshqa lavhalar aks etgan kompozitsion majmualar quriladi. Oʻsha davrdagi harbiy texnika va qurol-yarogʻ koʻrgazmasi ochiq osmon ostidagi muzey vazifasini oʻtaydi. Muzey, kutubxona, kinoteatr barpo etilib, Wi-Fi zona, harbiy tayyorgarlik va sport hududi hamda sayilgoh tashkil etiladi.
Oʻzbek ayolining matonati timsoli sifatida Zulfiya aya Zokirova, uning urushdan qaytmagan besh farzandi va beva qolgan toʻrt kelini xotirasiga bagʻishlangan “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi oʻrnatiladi.
Bogʻning maʼno-mazmuni, ekspozitsiyasini chuqur oʻylash kerak. U faqat bayram kunlari emas, yil davomida ishlaydigan boʻlsin. Bu yerga kelgan yoshlar ilhomlansin va ruhlansin, gʻurur-iftixor tuysin, bugungi tinch kunlarning qadriga yetib, vatanparvarlik hissini mustahkamlasin, dedi Prezident.
Mudofaa va Madaniyat vazirliklari, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, Toshkent shahar hokimligiga tarixchilar va keng jamoatchilik vakillari bilan maslahatlashib, Gʻalaba bogʻining konsepsiyasini takomillashtirish yuzasidan koʻrsatma va tavsiyalar berildi.
Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ushbu ulkan loyihalar poytaxtimizning ilmiy-maʼrifiy, madaniy va biznes markazi sifatidagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Matnazar ELMURODOV, Ziyodulla JONIBEKOV, OʻzA muxbirlari