O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari uchrashuv avvalida Germaniya Prezidenti va xalqini GFR tashkil topgani hamda Bosh qomusi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan tabrikladi.
Germaniya Federal prezidenti davlatimiz rahbariga mamlakatimizga tashrif bilan kelish taklifi va ko‘rsatilayotgan samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari batafsil muhokama qilindi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasida izchil siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Frank-Valter Shtaynmayer GFR tashqi ishlar vaziri sifatida 2006 va 2016 yillarda ham yurtimizga tashrif buyurgan. Prezident Shavkat Mirziyoevning 2019 yil yanvarda Germaniyaga rasmiy tashrifi davlatlararo munosabatlarda yangi sahifa ochdi.
Ko‘ksaroydagi uchrashuvda ko‘p qirrali hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va o‘zaro tajriba almashishda parlamentlar muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlandi. Bu borada 23 may kuni Toshkentda o‘tkazilgan konstitutsion tizim va parlamentarizm bo‘yicha O‘zbekiston – Germaniya forumi har jihatdan foydali bo‘lgani qayd etildi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holatini baholab, uni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar. 2018 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 25 foizga o‘sib, 77O million dollardan oshgani, joriy yil yanvardagi kelishuvlardan so‘ng Germaniya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi tobora ortib borayotgani ta’kidlandi.
Mamlakatlarimiz xalqaro tuzilmalar doirasida ham yaxshi hamkorlik qilib kelmoqda. O‘zbekiston Germaniyaning BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zoligiga intilishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Germaniya O‘zbekistonning mintaqada barqarorlikni mustahkamlash, Afg‘onistonda tinchlik jarayoniga ko‘maklashish, Orol dengizi qurishi oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi.
Muloqotda tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi. O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi formati doirasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, xavfsizlik sohasida hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Prezidentlar Afg‘onistonda ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston-Germaniya maslahatlashuvlari mexanizmining yo‘lga qo‘yilishini ma’qulladilar.
Muzokaralarda O‘zbekiston va Germaniyaning keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga intilishi, barcha masalalar bo‘yicha qarashlari o‘xshash va yaqinligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
O’zA