Rossiya tadbirkorlari mamlakatimiz ipakchilik sanoatiga qiziqish bildirmoqda

“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasida 13 mart kuni Oʻzbekiston va Rossiya ishbilarmonlarining biznes-forumi boʻlib oʻtdi.
“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi va Rossiyaning “Kombat-Tur” masʼuliyati cheklangan jamiyati hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakatning turizm, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik sanoati, ipakchilik sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Dunyoda pilla yetishtirishga oʻziga xos faoliyat turi sifatida alohida eʼtibor qaratiladi. Mamlakatimizda ham Prezidentimiz rahbarligida ushbu sanoat sohasini yanada rivojlantirish, ipakdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonni sifatli tashkil etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Sifatli urugʻlik yetishtirish borasida “Yoʻl xaritasi” tasdiqlangan. Unda ipak qurti urugʻini yetishtirishga ixtisoslashgan korxonalarni 2021 yilgacha tubdan modernizatsiya qilish belgilangan. Bu Oʻzbekistonda eksportbop mahsulot ishlab chiqarish hajmini sezilarli oshirish imkonini beradi.
Tadbirda “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi boshqaruvi raisi oʻrinbosari Aʼzamxon Abdullayev mamlakatimizda yetishtirilgan ipak mahsulotlari Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarga eksport qilinayotgani haqida soʻzlab berdi. Tut bargidan choy va parfyumeriya vositalari, ipak qurti gʻumbagidan yogʻ ishlab chiqarish, turizm, kasanachilik va milliy hunarmandchilikni rivojlantirishga oid istiqbolli loyihalar boʻyicha maʼlumotlar taqdim etdi.
– Mamlakatingizda bojxona va soliq islohotlarining amalga oshirilayotgani, viza tartibidagi ijobiy oʻzgarishlar xorijiy investorlarni jalb qilishda muhim ahamiyatga ega, – dedi rossiyalik ishbilarmon Aleksandr Churanov. – Forum doirasida pilla yigirish, ipak gazlama toʻqish dastgohlarining ehtiyot qismlari, tut daraxti koʻchatlari, ipak qurtining superelita, elita va sanoat urugʻlarini Oʻzbekistonga olib kirishda yaratilgan imtiyozlar haqida soʻzlab berildi. Tashrif doirasida ipakchilik va sayyohlik sohasida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazdik.
Ikki davlat tadbirkorlarining muloqot maydoniga aylangan forum doirasida “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tizimidagi korxonalarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning koʻrgazma savdosi va milliy liboslar namoyishi oʻtkazildi.
Anjumanda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, investorlarni jalb qilish va ilgʻor xorijiy tajribani ommalashtirish boʻyicha taqdimotlar namoyish etildi. Turizm, qishloq xoʻjaligi, tekstil va ipak sanoatida faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston va Rossiya ishbilarmonlari ishtirokida B2B formatdagi uchrashuvlar oʻtkazildi.

 

Sayyora ShOYEVA, OʻzA muxbiri