Bayramoldi qo‘lida gul tutgan harbiylar

Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Vatan himoyachilari barcha onalar, opa-singillarni o‘zgacha tabriklamoqda. 
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari hamda viloyat Mudofaa tizimida harbiy xizmatni o‘tayotgan bir guruh yigitlar Urganch davlat universitetining tarix fakultetida bo‘ldilar.
Oliy ta’lim muassasasida har kungidek odatiy ravishda ta’lim jarayonlari boshlandi. Ammo sal o‘tgach universitet hududiga harbiy mashina to‘satdan kirib keldi. Uning ichidan esa qo‘lida gul tutgan harbiylar birin ketin tusha boshladi. Ular ta’lim dargohida ta’lim berayotgan va tahsil olayotgan xotin-qizlarni tabriklab, xursand qilishdi.
– Talaba qizlarni, o‘qituvchi ayollarni ko‘rib, xuddi o‘zimni opa-singillarim qoshiga kelganday bo‘ldim, – deydi shartnoma asosidagi harbiy xizmatchi Akbar Abdurahmonov. – Ular kelgusida mamlakatimiz va jamiyatimiz ravnag‘iga, albatta, o‘zining munosib hissasini qo‘shadilar. Biz esa ularning tinchligini ta’minlaymiz.
Vatan himoyachilarining ko‘rsatgan ushbu ehtiromidan xursand bo‘lgan ayollar yana o‘z xizmat vazifasini bajarishga yo‘l olgan yigitlarni olqishlar bilan kuzatib qo‘yishdi.

 

Ahmadjon Shokirov, O‘zA