Nukusda Prezident maktabi qurilishi boshlandi

Nukus shahrida joriy yilning sentabr oyidan o‘z faoliyatini boshlashi kutilayotgan Prezident maktabining qurilish ishlari boshlandi. 
Muassasaga tamal toshi qo‘yish munosabati bilan tadbir tashkil etilgan tadbirda tegishli davlat va jamoat tashkilotlari mas’ullari, jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Yerniyazov va boshqalar mamlakatimizda ertamiz egalarining intellektual salohiyatini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida zarur sharoitlarni yaratish borasida qilinayotgan ishlar o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi.
– Davlatimiz Rahbarining 2019 yil 20 fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ta’lim tizimida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning izchil davomi bo‘ldi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri A. Ayapov. – Prezident maktabining yangi imorati uchun Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetiga tegishli hududdan yer maydoni ajratildi. Qurilish ishlari joriy yilning avgust oyi oxiriga qadar to‘liq yakunlanishi rejalashtirilgan. Sentabr oyidan o‘quv yili boshlanadi. Unga 5-10 sinflar uchun har bir sinfga 24 nafar o‘quvchidan jami 144 o‘quvchi qabul qilinadi. Har bir sinfga qabul qilingan o‘quvchilar 12 nafardan ikkita sinfga taqsimlanadi.
Ushbu ta’lim muassasasining asosiy maqsadi mamlakatimizning har bir hududida iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning rivojlanishiga kerakli sharoitlar yaratishdir. Eng qobiliyatli o‘quvchilar tanlab olinadigan bu maktabda yoshlarga matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar ilg‘or ta’lim metodologiyalari asosida chuqur o‘rgatiladi.
Shu bilan birga, maktabga malakali xorijlik hamda mahalliy pedagoglar jalb etiladi. Ularning faoliyati uchun kerakli shart-sharoitlar yaratiladi. Xorijiy mutaxassislar umumiy pedagoglarning 60-80 foizini tashkil qiladi.
Maktab bitiruvchilari kelajakda mamlakatimiz rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shadi.
Prezident maktabining tamal toshini quyish tadbiriga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari O.Ramatov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.Murodov ishtirok etdi.

 

Yesimxon Qanoatov, O‘zA