Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar qanday tartibda toʻlanadi?

Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam 6 oy muddatga, bola parvarishi boʻyicha nafaqa esa 12 oyga tayinlanadi.
“Huquqiy axborot” kanali kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar toʻlanish tartibini yana bir karra eslatdi.
Kam taʼminlangan oilalarga tayinlanadigan ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamning quyidagi turlari mavjud:
14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa;
bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa;
kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam.
Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam 6 oy muddatga, bola parvarishi boʻyicha nafaqa esa 12 oyga tayinlanadi, biroq bola ikki yoshga toʻlgan oydan keyingi oyga oʻtmasligi kerak.
Agar tugʻilgan, farzandlikka olingan yoki vasiylikka qabul qilingan ikki va undan ortiq bolalar parvarish qilinsa, u holda bola parvarishi boʻyicha nafaqa kichik bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bir baravar miqdorda toʻlanadi.
Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam tayinlash va toʻlash toʻgʻrisidagi qaror fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi – posyolka, qishloq va ovul, shuningdek, shaharlarning mahallalari fuqarolar yigʻini yoki bunday qarorlarni qabul qilish uchun fuqarolar yigʻini tomonidan vakolat berilgan Komissiya tomonidan qabul qilinadi.
Ushbu Komissiya tarkibi kamida 15 kishidan iborat boʻlishi kerak.
Komissiya qarori, uning yigʻilishida tasdiqlangan tarkibning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etsa qonuniy hisoblanadi.
Fuqarolar yigʻini tomonidan ehtiyojmand deb eʼtirof etilgan oila nafaqa yoki moddiy yordamning faqat bir turini olish huquqiga ega.
Nizomda 14 yoshgacha boʻlgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida yashayotgan beva ayollar (beva erlar), nogiron bolasi (bolalari) boʻlgan oilalarga nafaqa, bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam olishda ustunlik huquqiga egaligi koʻrsatilgan.
Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam har bir oila aʼzosiga oʻrtacha oylik daromad 304 mingdan kam boʻlganda tayinlanadi.
Oila aʼzosiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik jami daromad, bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi boʻyicha nafaqa yoki moddiy yordam olish uchun murojaat qilingan oydan oldingi oxirgi uch oy uchun hisoblab chiqilgan oilaning mehnatga layoqatli har bir aʼzosining oʻrtacha oylik daromadi summasini oila tarkibiga kiritiladigan oila aʼzolari soniga boʻlingan holda aniqlanadi.
Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam olish uchun oila tarkibiga:
bolalarning otasi, onasi yoki nikohdagi har ikki ota-onasi (farzandlikka oluvchilar);
ota-onalar bilan birga yashaydigan va ularning qaramogʻida boʻlgan bolalar, shuningdek ota-onalar bilan birgalikda yashaydigan va oʻz oilalariga ega boʻlmagan 16 yoshdan katta yoshdagi bolalar (shu jumladan, farzandlikka olingan bolalar);
bolalarning ular bilan birgalikda yashaydigan bobolari va buvilari;
bolalarning ota-onalari (farzandlikka oluvchilar) bilan birgalikda xoʻjalik yurituvchi boshqa shaxslar kiritiladi.
Oilaning birgalikda yashovchi aʼzolari tarkibi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan belgilanadi.
Oʻrtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan oilaning jami daromadiga, oila aʼzolari tomonidan olingan quyidagi daromadlar kiritiladi:
mehnatga haq toʻlash shaklidagi daromadlar;
mulkiy daromadlar;
yakka tartibdagi tadbirkorning daromadi;
chet elda ishlaydigan yoki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan oila aʼzolaridan pul tushumlari summasi;
pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar;
shaxsiy yordamchi (dehqon) xoʻjaligini yuritishdan olingan daromad.
Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam ariza beruvchining oʻzini oʻzi boshqarish organiga muroja
at qilgan oyning keyingi oyidan boshlab toʻlanadi.

 

OʻzA