Taxtakoʻpir tumani markazida kam taʼminlangan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj 5 ta oilaga Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan uy-joy topshirildi.
Tuman hokimi oʻrinbosari T.Nurmanov, Qoraqalpogʻiston kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi U.Jalmenov va boshqalar mamlakatimizda aholining kam taʼminlangan qatlamini qoʻllab-quvvatlash, ularning yashash sharoitlarini yaxshilash, zarur maishiy texnikalar bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarga toʻxtaldi.
Shu kungacha sharoiti yoʻq uyda yashab kelgan, bugun barcha qulayliklarga ega uy-joy bilan taʼminlangan xonadon egalari ushbu ezgu ishlardan xursand boʻldi.
– Shu kungacha qizim va nabiram bilan birga ijarada qiyin sharoitda yashardik, – deydi “Otakoʻl” ovul fuqarolar yigʻinidan Lizaxon Jiyenboyeva. –Yurtboshimizga rahmat, bugun uy-joyning biri menga topshirildi. Hattoki, koʻrpa-toʻshak, uy-roʻzgʻor buyumlari ham berildi. Mutasaddilarga minnatdorlik bildiraman.
Taxtakoʻpir tumanining tabiiy gaz yetib borishi qiyin boʻlgan joylarida istiqomat qiluvchi kam taʼminlangan 36 ta oilaga 57 million 924 ming soʻmlik, ikkinchi bosqichda esa 70 ta kam taʼminlangan oilaga umumiy qiymati 87 million 612,4 ming soʻmlik gaz plitasi va gaz balloni tarqatildi. Bundan tashqari, 6 nafar bemor aholiga 23 million soʻmlikdan ortiq tibbiy xizmat koʻrsatildi. Kam taʼminlangan 25 ta oilaning uy-joyini taʼmirlab berildi.
Bu kabi tadbirlar Orolboʻyining barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.