Sirdaryoda mineral oʻgʻitlar ishlab chiqaruvchi yirik kimyo majmuasi quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangiyer shahrida tashkil etilishi rejalashtirilgan ammiak va karbamid zavodi qurilish maydonida boʻldi.
Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilish, mahsulot yetishtirishni koʻpaytirish va eksport qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu yerning unumdorligini oshirish, mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarishni talab etmoqda.
Shu bois “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Samsung Engineering” kompaniyasi bilan hamkorlikda ammiak va karbamid zavodi qurish rejalashtirilgan.
Umumiy qiymati 600 million AQSH dollari boʻlgan mazkur zavodda yiliga 400 ming tonna ammiak, 660 ming tonna karbamid ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. AQSH va Yaponiyadan eng zamonaviy texnologiyalar keltirib oʻrnatiladi, “nou-xau”lar qoʻllaniladi. 500 doimiy ish oʻrni yaratiladi.
Zavod qurilishi uchun juda qulay joy tanlangan. Bu yerda tabiiy gaz manbai, elektr va suv taʼminoti tarmoqlari, avtomobil va temir yoʻllar bor.
– Sirdaryodagidek qulay infratuzilma hech qayerda yoʻq. Bunday imkoniyat zavodni qurish va barqaror ishlatishda qoʻl keladi, investorlarning qiziqishini oshiradi. Bu juda rentabelli, istiqbolli loyiha, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
a2b05e28-af2c-cb94-2430-2c7fdc967f40.jpg
Davlatimiz rahbariga boʻlajak korxonaning iqtisodiy samaradorligi, qurilish ishlari jadvali haqida maʼlumot berildi. Prezidentimiz zavod mahsulotlari ichki talabni qondirish va tashqi bozorlarga chiqishda muhim oʻrin tutishini taʼkidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi “Bek klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan paxtani qayta ishlash zavodini ham borib koʻrdi.
Dastlab bu yerda qorabayir otlari, qoramol, echki, tuyaqush, quyon va bedana nasllari namoyish etildi.
Davlatimiz rahbari bu jonivorlarning mahsuldorligi, tez koʻpayishi, ular har bir oila uchun zarurligiga eʼtibor qaratdi. Uy sharoitida chorva va parranda boqishni kengaytirib, odamlarni oziq-ovqat mahsulotlari, qoʻshimcha daromad bilan taʼminlash mumkinligini taʼkidladi.
Prezidentimiz Sirdaryo viloyatiga avvalgi tashrifi doirasida “Bek klaster” korxonasida boʻlib, uni yanada rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar bergan edi.
Korxona oʻtgan yili Turkiyaning “SUMER” kompaniyasi bilan hamkorlikda yiliga 60 ming tonna paxtani qayta ishlaydigan zavod barpo etdi.
Klasterlar qishloq xoʻjaligida yetakchi tarmoqqa aylanayotgani, ularning mahsulot yetishtirish va ishlab chiqarish salohiyatini yanada oshirish zarurligi taʼkidlandi. Davlat-xususiy sheriklik asosida klasterlar uchun kadrlar tayyorlash, yangi loyihalar ishlab chiqib, faoliyat qamrovini kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Shu yerda Sirdaryo viloyatida qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Jumladan, parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik, urugʻchilik va uzumchilikni rivojlantirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi boʻyicha aholining tomorqadan samarali foydalanishini tashkil etishga qaratilgan loyihalar haqida maʼlumot berildi. Bu loyihalarning amalga oshirilishi yana minglab ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi.

 

OʻzА