Maʼlumotlarga koʻra, keyingi 19 yilda Orolboʻyi aholisi orasida allergiya bilan ogʻriganlar soni 20 barobarga koʻpaygan.
Qamishning gullagan va qurigan davrida odamlar undan aziyat chekmoqda. Nima qilmoq kerak?
Bu savolga “Shumanay tomorqa xoʻjaligi” masʼuliyati cheklangan jamiyati vakillari javob topishdi. Ular Oʻzbekistonda birinchi boʻlib qamishdan ozuqa ishlab chiqarish korxonasini qurib bitkazishdi.
– Chorva ozuqasi uchun kerakli boʻlgan klechatkaning eng koʻp miqdori yoʻngʻichqa va qamishda boʻlar ekan, – deydi “Shumanay tomorqa xoʻjaligi” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Rollan Ollaniyozov.– Ayniqsa, baliq uchun muhim boʻlgan bu ozuqa qamishda koʻpligini ilmiy isbotlab berdik. Shu kunlarda qurigan qamishni fermerlar yoqib, ekin uchun yer ochadigan muddat ekan. Biz esa ularga yaqindan koʻmak berib, ana shu qamishlarni yigʻib, zaxira tayyorladik. Korxonamiz kuniga 20 tonna qamishni qayta ishlab, ozuqa tayyorlay oladi. Qamish bir yilda ikki marta hosil berishini hisobga olsak, xom ashyodan muammo boʻlmaydi. Hozirda “Oʻzbaliqsanoat” uyushmasidan yirik buyurtma oldik. Shuningdek, buyurtma asosida uning tarkibini qoramol, qoʻy va parrandalarga kerakli vitaminlar bilan boyitib beramiz.
Shu kunlarda xorijlik investor Rollan Ollaniyozov bilan Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirligi ham hamkorlik qilmoqda. Ular allergiyani avj olishini bartaraf etish uchun eng birinchi aholi punktlariga yaqin joylardagi qamishni oʻrib olishni taklif qilishmoqda.
“Shumanay tomorqa xoʻjaligi” masʼuliyati cheklangan jamiyatida yana bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, oʻtgan yili Fransiyadan goʻsht yoʻnalishidagi kurka tuxumlari olib kelingan edi. Ayni vaqtda mazkur jamiyat bilan davlat xususiy sherik tamoyili bilan ishlayotgan Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi 400 million soʻm mablagʻ ajratdi. Ayni vaqtda 21 kunlik joʻjalar yigirmatadan boshlab yuztagacha aholining talabiga koʻra tarqatilmoqda.
– Kurkalarga ozuqani ham oʻzim yetkazib beramiz va semirgandan keyin oʻzimiz xarid qilamiz, – deydi Rollan Ollaniyozov.– Shunda uy egalari kurkalarni parvarish qilgani uchun pul ishlab topadi. Maqsad aholiga qoʻshimcha daromad keltirish.
“Shumanay tomorqa xoʻjaligi” joriy yilda yana bir qator ishlarni rejalashtirgan. Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan naslchilik borasida hamkorlik qilinayotgan boʻlsa, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi bilan qumda yaxshi oʻsadigan daraxt urugʻlarini xorijdan olib kelish choralari koʻrilmoqda. Shu bois Meksika va Xitoydan qumga va tuzga chidamli, tuzlarni koʻchish xavfini toʻxtatishda qoʻl keladigan 30 metrgacha oʻsadigan daraxtlarni olib kelib, iqlimlashtirish moʻljallanmoqda.
Sayyora Shoyeva, OʻzA