Davlatimiz rahbari Xovos tumanidagi “Gran ruta de la seda” korxonasining gidroponika usulidagi issiqxonasini koʻzdan kechirdi.
Xovos tumanining yeri shoʻr, ekinlardan yuqori hosil olish qiyin. Shu bois bu yerda gidroponika usulida issiqxonalar barpo etilmoqda. Bunday issiqxonalar suvni tejashi, hosildorligi bilan ajralib turadi.
Mutaxassislarning fikricha, oddiy usulda yetishtirilayotgan pomidor koʻchatlaridan 3 kilogramm hosil olinsa, gidroponika usulida hosildorlik 12 kilogrammni tashkil etadi. Ekinlarning pishib yetilishi 25-30 kunga qisqaradi.
Mazkur issiqxonalarda Gollandiyadan serhosil pomidor va bodring navlari keltirib, ekilgan. Ayni paytda bu mahsulotlar gidroponika usulida yetishtirilmoqda. Bu yerdagi barcha jarayon toʻliq avtomatlashtirilgan.
Gidroponika usulidagi issiqxonada Koreya Respublikasidan zamonaviy jihozlar keltirib oʻrnatildi. Issiqxonadagi harorat, oʻsimlikning suv va ozuqaga talabi chuqur tahlil orqali aniqlanadi. Turli minerallar bilan boyitilgan suv tomchilatish usulida oʻsimlik ildiziga yetkaziladi.
Dastlab 2017 yilda 1 gektar maydonda issiqxona qurilib, 18 ta yangi ish oʻrni yaratildi, 1,5 milliard soʻmlik pomidor yetishtirildi. 2018-2019 yillarda yana 9 gektar issiqxona ishga tushirildi. Ish oʻrinlari 120 taga yetdi.
Umumiy maydoni oʻn gektar boʻlgan issiqxonada yiliga 1 ming 500 tonna pomidor yetishtiriladi. Shuningdek, 2 million dollarlik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish koʻzda tutilgan.
Korxona tomonidan joriy yilning uchinchi choragida yana 10 gektar issiqxonani ishga tushirish rejalashtirilgan. Natijada 1,5 ming tonna mahsulot ishlab chiqariladi, 100 ish oʻrni yaratiladi.
Shavkat Mirziyoyev bunday issiqxonalarni kengaytirish, mahsulot yetishtirish uchun zarur materiallarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
OʻzA