Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyati Xovos tumaniga tashrif buyurib, dastlab Xovos shaharchasining bosh rejasi bilan tanishdi.
“Mirzachoʻl tajribasi” asosida Xovos shaharchasining yangi markazi bunyod etilishi rejalashtirilgan. M-39 avtomobil yoʻli boʻyidagi 42 gektar hududda kompleks qurilish ishlari loyihalashtirilgan. Unga muvofiq, bu yerda mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari binolari, davlat xizmatlari agentligi, tijorat banklari, turar joylar, maktablar, istirohat bogʻi, xotira maydoni, kinoteatr, kutubxona, masjid, bozor, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari quriladi. Yoʻl infratuzilmasi rivojlantirilib, aholi va transportlar uchun qulayliklar yaratiladi.
Xovosda oxirgi ellik yil davomida bironta koʻp qavatli uy qurilmagan. Odamlar eski, tor, zax uylarda yashab kelgan. Endi har yili yangi koʻp qavatli uylar barpo etilib, aholining ijtimoiy sharoitlari bosqichma-bosqich yaxshilanib boradi. Oilaviy sharoiti yaxshilangan insonning umidi, ertangi kunga ishonchi ham ezgu boʻladi.
Shu maqsadga xizmat qiladigan yana bir xayrli tashabbus: “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Sirdaryo viloyatida 32 ta tikuvchilik majmualari tashkil etish rejalashtirilgan. Bu sexlar asosan kam taʼminlangan va nogironligi boʻlgan xotin-qizlarga moʻljallangan boʻlib, jami 4 ming 200 dan ortiq ish oʻrni yaratiladi.
Prezidentimiz shu yerda xovoslik nuroniylar, mahalla faollari va yoshlar bilan suhbatlashdi.
Mamlakatimizda katta oʻzgarishlar amalga oshirilayotgani, davlat bilan birga odamlar ham uygʻonishi, farovon yashashga intilishi kerakligi taʼkidlandi. Xovosliklar viloyat rivoji, aholi hayotini yaxshilashga qaratilgan yangi rejalardan xursand ekanini bildirdi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari mazkur tumandagi “GRAN RUTA DE LA SEDA” korxonasi tomonidan zamonaviy usulda tashkil etilgan gidroponika issiqxona majmuasini koʻzdan kechirdi.
Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni joriy etish, agrar sohani rivojlantirishda ilgʻor tajriba va innovatsiyalarni, zamonaviy agrotexnik tadbirlarni qoʻllash, meva-sabzavotni qayta ishlash va eksportini tashkil qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida gidroponika usulida issiqxonalar qurilmoqda. Bu esa sifatli poliz mahsulotlari yetishtirish, koʻplab ish oʻrinlari yaratish imkonini berayotir. Bunday issiqxonalar ixcham va samaradorligi bilan ahamiyatlidir.
Mutaxassislarning fikricha, oddiy usulda yetishtirilayotgan pomidor koʻchatlaridan 3 kilogramm hosil olinsa, gidroponika usulida hosildorlik 12 kilogrammni tashkil etadi. Ekinlarning pishib yetilishi 25-30 kunga qisqaradi.
Mazkur issiqxonalarda Gollandiyadan serhosil pomidor va bodring navlari keltirib, ekilgan. Ayni paytda bu mahsulotlar gidroponika usulida yetishtirilmoqda. Bu yerdagi barcha jarayon toʻliq avtomatlashtirilgan.
Gidroponika usulidagi issiqxonada Koreya Respublikasidan zamonaviy jihozlar keltirib oʻrnatildi. Issiqxonadagi harorat, oʻsimlikning suv va ozuqaga talabi chuqur tahlil orqali aniqlanadi. Turli minerallar bilan boyitilgan suv tomchilatish usulida oʻsimlik ildiziga yetkaziladi.
2017 yilda korxona qurilishi uchun 1,5 gektar yer maydoni ajratilib, 700 ming dollar mablagʻ evaziga 1 gektar maydonda issiqxona tashkil etildi. 150 tonna, yaʼni 1,5 milliard soʻmlik pomidor yetishtirildi va 18 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
2018-2019 yillarda Ipak yoʻli bank tomonidan korxonaga ajratilgan 4,5 million dollarlik kredit mablagʻlari hamda korxonaning 1,2 million dollarlik investitsiyalari toʻliq oʻzlashtirilib, 9 gektar issiqxona ishga tushirildi va 120 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Umumiy maydoni oʻn gektar boʻlgan issiqxonada yiliga 1 ming 500 tonna pomidor yetishtiriladi. Shuningdek, 2 million dollarlik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish koʻzda tutilgan. Bu yerda 120 kishi doimiy ish oʻrniga ega boʻldi.
Korxona tomonidan joriy yilning uchinchi choragida yana 10 gektar issiqxonani ishga tushirish rejalashtirilgan. Natijada 1,5 ming tonna mahsulot ishlab chiqariladi, 100 ish oʻrni yaratiladi.
Prezidentimiz mazkur issiqxonani kengaytirish, bu yerda Janubiy Koreyadan keltirilib, foydalanilayotgan zamonaviy texnologiyalarni oʻzimizda ishlabchiqarish va xarajatni kamaytirish kerakligini taʼkidladi.
Umar Asrorov, OʻzA