Roʻyxatiga “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh psixiatri” va “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh suitsidologi” lavozimlari kiritildi.
2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.
Qaror bilan 2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi hamda ushbu Konsepsiyani amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar tasdiqlandi.
Konsepsiyaning asosiy vazifalaridan biri ruhiy holati buzilgan shaxslar manfaatlari yoʻlida maʼmuriyatchilik sifatini oshirish, psixiatriya xizmati bilan davlat va nodavlat tashkilotlar oʻrtasida samarali hamkorlik tizimini shakllantirish hisoblanadi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi lavozimlari roʻyxatiga “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh psixiatri” va “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh suitsidologi” lavozimlari kiritildi.
Ruhiy holati buzilgan shaxslar ularga psixiatriya yordami koʻrsatilishi vaqtida bepul yuridik yordam olish huquqiga ega ekanligi belgilandi.
Yangi tahrirdagi “Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi qonun ishlab chiqilib, unda aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organlari funksiyalari hamda vakolatlari aniq chegaralanishi nazarda tutiladi.
OʻzA