Oʻzbekistonda elektrotraktorlar ishlab chiqariladi

“Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyatida Avstriya davlatining dunyoga mashhur “AVL” kompaniyasi bilan oʻzaro hamkorlik masalalariga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi. 
Unda asosiy eʼtibor hamkorlikda aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalarda zamonaviy elektrotraktorlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish masalalariga qaratildi.
Soha mutasaddilari “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ tarkibidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan 100 ot kuchiga ega boʻlgan traktorlarni toʻliq elektrlashtirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazdi. Unga koʻra, 2019 yil yakunigacha “AVL” kompaniyasi yangi elektrotraktorlarning konseptual loyihalarini tayyorlaydi. Ilk namunalar esa aksiyadorlik jamiyat tarkibidagi korxonalarda 2021 yilda ishlab chiqariladi.
– Bu kabi zamonaviy traktor modellari 180 kilovattli elektrodvigatellarga ega boʻladi, – deydi “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Muxtor Karimov. – Texnikalar harakatlanganda deyarli shovqin chiqarmaydi. Shu bilan birga ularni taʼmirlash osonlashadi. Shuningdek, bu kabi elektrotraktorlardan foydalanish yoqilgʻi hamda ehtiyot qismlari uchun katta mablagʻ sarflashning oldini oladi.
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi tufayli tabiatga chiqayotgan zaharli gazlarning kamayishiga erishiladi.

 

A.Musayev, OʻzA