Mamlakatimizda narkotiklarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, giyohvandlik illati yoyilishining oldini olish, bu boradagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq maqsadli kompleks tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

O‘zbekiston 1995-yil BMTning Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiyasiga qo‘shilgan.

1999-yil O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan.

Mamlakatimizda bo‘lib turgan BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi ijrochi direktori Yuriy Fedotov O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

– Avvalo, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.

Bu juda muhim uchrashuv bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini chuqur tahlil qilib berdi. Bundan biz mamnunmiz.

O‘zbekiston mintaqa va xalqaro tuzilmalar doirasida giyohvandlikka qarshi kurashishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida imzolangan giyohvand moddalar bilan bog‘liq muammolarga qarshi kurashish bo‘yicha anglashuv memorandumi misolida ham o‘z ifodasini topmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bugungi uchrashuv yakunlaridan kelib chiqqan holda hamkorligimizni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha hujjatlar tayyorlash, ya’ni “yo‘l xaritasi”ni belgilab olish, muhokama qilingan taklif va g‘oyalarni izchil amalga oshirishga kelishib oldik.

O‘zbekiston bilan hamkorligimiz yanada samarali bo‘lishiga ishonaman.

 

Abu Bakir O‘rozov, O‘zA